Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda Vosit Vohidov haykali ochildi va xalqaro anjuman tashkil etildi
14:47 / 2024-09-27

Mamlakatimiz bo‘ylab V.Vohidov nomli Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 50 yilligi keng nishonlanmoqda. Bugun mazkur muassasada bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan Xirurgiya markazida qad rostlagan akademik Vosit Vohidov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan markazda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ullari, hukumat a’zolari, senator va deputatlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi, tizimga qarashli davolash-profilaktika muassasalari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari vakillari hamda olim, tadqiqotchilar, soha faxriylari jam bo‘ldi.

Marosimni sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov qutlov so‘zi bilan ochdi. Akademik Vosit Vohidovning o‘g‘li Alisher Vohidov, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Vladimir Porxanov va boshqalar tabrik so‘zlarini izhor etishdi.

So‘zga chiqqanlar akademikning samarali faoliyatini e’tirof etib, yubiley doirasida haykal o‘rnatilishi barcha xirurglarga yuqori ishonch ramzi ekani, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar shifokorlarni ruhlantirishini ta’kidladi.

[gallery-19480]

Dasturga muvofiq, “Vohidov o‘qishlari-2024” XXVIII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining Vosit Vohidov nomli Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi jamoasiga tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

– So‘nggi yillarda faoliyatimiz yangi bosqichga ko‘tarildi, – dedi markaz direktori Saydimurod Ismoilov. – Dunyoning yetakchi ilmiy markazlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilishi natijasida tibbiy tashhis va davolashning ilg‘or, samarali usullari keng tatbiq etilmoqda.

Tadbirda muassasa hamkorlari – AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Kanada, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan mehmonlar ham hozir bo‘lishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov O‘zbekiston Prezidentining “Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 50 yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, o‘nga yaqin soha fidoyisi va jonkuyariga yuksak davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Behruz Xudoyberdiyev, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari