English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda turk xiyoboni tashkil etilishi mumkin
17:43 / 2023-09-13

Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali siyosiy va biznes-aloqalarning qamrovi kengligi ta’kidlandi. Mehmonlarga Yangi Toshkent tumani, erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu borada O.Bekar ko‘magida turk kompaniyalari poytaxtimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shishi mumkinligi qayd etildi.

Elchi janoblari o‘zbek-turk munosabatlari jadal rivojlanayotganini, bu, shubhasiz, davlatlarimiz rahbarlari asos solgan strategik hamkorlik mahsuli ekanligini ta’kidladi. Taraflar Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish, poytaxtimizda turk xiyobonini tashkil qilish kabi masalalarini muhokama etdilar.

Sh.Umurzoqov ushbu masalalar yechimida imkon qadar ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, Olgan Bekar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishini qayd etdi.

Shuningdek, poytaxtimizda Toshkent shahar Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Azizxon Shavkatovning “Presight” kompaniyasining (BAA) xalqaro biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Abdul Karim Savan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.    

Uchrashuvda mehmonga Toshkent shahrida joriy etilgan aqlli yechimlar, jumladan, “smart-situ”  yo‘nalishida qilinayotgan ishlar, hokimlik huzurida tashkil etilgan Vaziyatlar markazining imkoniyatlari va faoliyati haqida ma’lumotlar berildi. 

O‘z navbatida, Abdul Karim Savan “Presight” kompaniyasi G42 yirik xoldingining sho‘’ba kompaniyasi ekanligini ma’lum qilib, sun’iy idrok va bulutli hisob-kitoblar borasida yaxlit va ommalashadigan texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha yetakchi kompaniya ekanligini ma’lum qildi.

Dunyo bo‘ylab innovatsion jarayonlarni jadallashtirish, shaharlar kiberxavfsizligi uchun mustahkam zamin yaratish bilan shug‘ullanadi. Xoldingning ustuvor investitsion maqsadlari yaqin yillarda jahon iqtisodiyotini, hisoblar va kommunikatsiya texnologiyalar, aqlli navigatsiya, ekologik toza texnologiyalar va tiklanuvchi energiya manbalari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va takomillashtirishdan iborat. Shu jihatdan, janob Savan taraflarning hamkorligi o‘zaro manfaatli ekanligiga ishonch bildirdi.

A.Shavkatov mehmonning takliflarini tinglab, qo‘llab-quvvatladi. Muloqot yakunida taraflar muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA