Poytaxtimizda tennis bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida “J30” tasnifiga kiruvchi “Pakhtakor Cup” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Unda hamyurtlarimizdan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va neytral maqomdagi tennischilar g‘oliblik da’vosida raqobatlashmoqda.
Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida hamyurtimiz Akmal Abdullayev dastlabki davrada qozog‘istonlik Anatoliy Sibulkoni 6:1, 5:1 hisobida yengib turgan bir vaziyatda raqibi o‘yinni davom ettirishdan bosh tortdi. Shu tariqa Akmal ikkinchi davraga yo‘l oldi va neytral tennischi Aleksandr Kunitsinga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Qizlar orasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Alisa Kazimirova ilk bahsini qozog‘istonlik Alua Maratga qarshi o‘tkazdi va 6:2, 6:7, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shuningdek, Madinaxon Solijonova birinchi bosqichda qozog‘istonlik Gulden Azamatkizini ilk setda tay-brekda yenggan bo‘lsa, ikkinchi setda 6:4 hisobi bilan g‘olib bo‘ldi.
Juftliklar o‘rtasida Nigina Alimova hamda Fotima Mahmudova tandemi Tatyana Ivanova Saginbayeva (Qozog‘iston) va Sezim Saginbayeva (Qozog‘iston) duetini 7:5, 6:3 hisobida taslim etdi. Shahnoza Ortiqboyeva hamda Samira Qo‘ziyeva esa qozog‘istonlik tennischilar Medina Otepbergen va Anastasiya Silanteva har ikkala setda bir xil 6:3 hisobida dog‘da qoldirdi.
Ayni damda “Pakhtakor Cup” xalqaro turnirida yakkalik va juftlik yo‘nalishida birinchi davra o‘yinlari davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA