Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda suv sporti turlari bo‘yicha IX Osiyo chempionati boshlandi
20:20 / 2017-09-08

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz suzish federatsiyasi hamda Osiyo suzish federatsiyasi (AASF) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada qit’amiznig 26 davlatidan mingga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz suzish federatsiyasi hamda Osiyo suzish federatsiyasi (AASF) tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqada qit’amiznig 26 davlatidan mingga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashmoqda. Chempionatda Vatanimiz sharafini 130 dan ortiq sportchi himoya qilmoqda.

Chempionatning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi R.Qurbonov, suzish federatsiyasi raisi Q.Sanaqulov va boshqalar mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazishga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida yoshlarimiz o‘rtasida suv sporti turlari ommalashib borayotganini alohida ta’kidladi.

– Osiyo chempionati yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlamoqchiman, – dedi Osiyo suzish federatsiyasi vitse-prezidenti Virendra Nanavati. – Mamlakatingizda barcha sohalar qatori sport ham jadal taraqqiy etayotgani, bolalar sportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, yoshlarning barcha qatlamini – umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan tortib oliy o‘quv yurtlari talabalarigacha o‘ziga qamragan noyob tizimning yo‘lga qo‘yilgani tahsinga loyiq. Bunday e’tibor sportchilaringizning xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston suzish federatsiyasi 1992-yili tashkil etilgan. Mamlakatimizda suv sporti turlarini yanada rivojlantirish va ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2013-yildan suv sportining barcha turlari mazkur federatsiya tarkibiga biriktirildi.

Federatsiya tomonidan suv sporti turlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarning mashg‘ulot o‘tkazishi uchun zamonaviy sharoit yaratish, malakali murabbiylar tayyorlash, nufuzli musobaqalarni tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2014-yili poytaxtimizda O‘zbekiston suzish federatsiyasi tasarrufidagi suzish havzasi foydalanishga topshirildi. Muassasada zamonaviy suzish havzasi, sport zali, trenajyor zali, kiyim almashtirish, yuvinish, tibbiyot va ma’muriy xonalar mavjud. Suzish havzasi suvni tozalash va haroratni bir maromda saqlovchi zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan.

Yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan suv sporti saroylari va suzish havzalarining barpo etilayotgani o‘g‘il-qizlar o‘rtasida ushbu sport turlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortishiga xizmat qilmoqda. Sportchilarimiz turli nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotir. Bugungi kunda 20 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz mazkur sport turlari bilan yurtimizdagi ikki yuzdan ortiq suzish havzasida muntazam shug‘ullanayotir.

Osiyo chempionatida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan suzish, sinxron suzish, suv polosi va suvga sakrash bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda.