Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda Shveysariya kunlari bo‘lib o‘tmoqda
20:13 / 2025-12-01

Toshkentda to‘rtinchi bor Shveysariya kunlari tashkil etildi. Bu yilgi tadbir “Sifat. Innovatsiya. Ishonch” shiori ostida o‘tmoqda.

Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan an’anaviy tarzda har yil uyushtiriladigan mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat.

2 dekabrgacha davom etadigan ushbu tadbirda yigirma beshdan ziyod ushbu davlat kompaniyalari ishtirok etmoqda. E’tiborli jihati, mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi munosabati bilan bu gal mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar Shveysariyaning zamonaviy tajribasidan qanday foydalanish mumkinligiga e’tibor qaratishyapti.

Masalan, innovatsiya tizimiga bag‘ishlangan ko‘rgazma doirasida savdo markaziga kelganlar Yevropaning yirik innovatsiya va sport texnologiyasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

[gallery-26495]

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda barqaror konchilik bo‘yicha tashkil etilgan davra suhbatida ilg‘or texnologiyaga ixtisoslashgan o‘ndan ortiq yetakchi kompaniya vakillari resurslarni mas’uliyatli boshqarish, sanoatni avtomatlashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi majburiyatlar haqida so‘z yuritdi.

Biznes-sessiyalarda esa sanoatni modernizatsiya qilish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish raqobatbardoshligini oshirish, urbanizatsiya va infratuzilma, sog‘liqni saqlash, innovatsion moliyalashtirish yo‘nalishlari qamrab olindi. Ekspertlar O‘zbekistonning doimiy iqtisodiy rivojlanishi, xususan eksportga yo‘naltirilgan sanoatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha innovatsion yechimlar bilan o‘rtoqlashdi.

– Mamlakatimiz 15 yil davomida Global innovatsiya indeksi bo‘yicha jahonning eng ilg‘or davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda, – deydi Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favquloldda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy. – Biz mamlakatda olib brorilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz. Bu jarayondagi eng muhim ish JST sari tashlanayotgan qadamdir. Shveysariya O‘zbekistonning mazkur nufuzli tuzilmaga qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. A’zolik respublikaga jahon savdosi bilan integratsiyalashish imkonini beradi. O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlar ochadi. Kompaniyalarimiz mazkur jarayonda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa turizm aloqalari jadal rivojlanmoqda. Har yili diyoringizga kelayotgan sayyohlarimiz soni muntazam ko‘paymoqda. Ular mamlakatingizning tarixiy shaharlari, betakror yodgorliklariga qiziqishadi, mehmondo‘st o‘zbek xalqini juda yaxshi ko‘rishadi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, Shveysariya O‘zbekistonga, asosan,  farmatsevtika va yuqori aniqlikdagi texnika va uskunalar eksport qiladi. O‘zbekiston oltini esa bizning yurtimizga jo‘natiladigan asosiy mahsulot hisoblanadi. Bu qimmatbaho metall mamlakatimizdagi dunyoga mashhur to‘rt kon-metall mahsulotlarini qayta ishlash zavodiga yetkaziladi. Bu yo‘nalish hamkorligimizda muhim o‘rin egallaydi.

Go‘zal Sattrova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA