Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda SHHT hududlari forumining birinchi kuni yakuniga yetdi
20:32 / 2022-08-03

Toshkent shahrida SHHT mamlakatlari hududlari rahbarlari forumining birinchi kuni o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘zbekistonning tashkilotga raisligi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari hamda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston delegatsiya rahbarlari ishtirokidagi yalpi majlis bilan ochildi.

– Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hududlararo hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish bugungi forumning asosiy maqsadidir, – dedi mamlakatimiz investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Anjumanda O‘zbekistonning SHHTga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi o‘tgan yilda 24 foizga o‘sgani va bu ijobiy dinamikani saqlab qolish uchun tashkilot doirasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hududlararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

[gallery-8137]

Qolaversa, Samarqandda tashkil etilayotgan “O‘zbekiston – SHHT” sanoat zonasi tashkilot doirasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma bo‘lishi qayd etildi. Shuningdek, sanoat zonasi imkoniyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun mazkur hududda “SHHT investitsiya loyihalarini ishlab chiqish” markazini yaratish taklif qilindi.

Darvoqe, markazning asosiy vazifasi sanoat, infratuzilmaviy, xom ashyo va inson resurslarini safarbar etishdan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, ekologik, sog‘lomlashtirish, ziyorat turizmi va boshqa sohalar bo‘yicha munosabatlarni kengaytirishga doir aniq takliflar ham ilgari surildi.

SHHTga a’zo davlatlar delegatsiya rahbarlari o‘z ma’ruzalarida yurtimizning tashkilotga samarali raislik qilayotganligi ta’kidlanib, hududlar o‘rtasidagi ushbu muloqot platformasi doirasida munosabatlarni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Forum davomida “SHHTga a’zo davlatlar hududlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish”, “SHHT mamlakatlari hududlari o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish”, “SHHT mamlakatlari hududlari o‘rtasida turizmni rivojlantirish” mavzularida panel sessiyalari ham tashkil qilindi.

Mazkur panel munozaralarida ishtirokchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma yuqori texnologik loyihalar, qishloq xo‘jaligi sohasida, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, turizm va transport logistikasi sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratishdi.

Ulug‘bek Mahmirzayev,

A’lo Abdullayev (surat), O‘zA