31 mart kuni Toshkentda Saroy Concept mebel va interer majmuasining ochilish marosimi bo‘ldi.
Xalqaro sheriklar ishtirokida amalga oshirilgan mazkur loyiha zamonaviy uy uchun 20 dan ortiq turdagi interer yechimlari namoyish etilgan mebel salonining yangi formatidir.
Tadbirning ochilishida Turkiyaning mashhur Weltew Home hamda Kupa Kids kompaniyalari rahbarlari so‘zga chiqib, Saroy kompaniyasining O‘zbekiston mebel sanoatida o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Shu bois mazkur hamkorlik katta istiqbolga egaligi, kelgusida ham samarali kechishi alohida ta’kidlandi.

Saroy konseptual brendi o‘z faoliyatini 2004 yilda boshlagan. 2007 yildan kompaniya ilk fabrikasini ishga tushirdi. bugungi kunda Saroy brendi ostida mamlakatimizdagi eng yirik interer shourumlardan biri va mebel fabrikasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda Saroy Invest brendi ostida Toshkentda va mintaqalarda zamonaviy turar joylar va tijorat binolari bunyod etilmoqda. Ta’mirlash va ichki makon uchun Saroy Concept o‘zining to‘liq yechimlari, shuningdek, nafisligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Saroy Concept 2019 yildan Turkiyaning Weltew Home kompaniyasining mamlakatimizdagi vakili hisoblanadi. 2020 yildan boshlab esa Turkiyaning bolalar mebellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir yirik kompaniyasi – Kupa Kids brendining rasmiy dileriga aylandi.
Maydoni 900 kvadrat metrdan iborat yangi majmua O‘zbekistonda ikkinchi shourum bo‘lib, Weltew Home hamda Kupa Kids brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlarini namoyish qiladi.
Yangi majmuada Saroy kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan ichki bezaklar va mebellardan tashqari Weltew Home va Kupa Kids kompaniyalarining mualliflik yechimlari ham namoyishga qo‘yilgan.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA