Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda O‘zbekiston-Germaniya o‘quv markazi ochildi (+video)
20:48 / 2025-06-25

Shu munosabat bilan bugun Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etilgan tantanali marosimda ikki tomon mas’ullari, mutaxassislar, Germaniya energetika agentligi vakillari ishtirok etdi.

Unda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Germaniya Federal iqtisodiyot va energetika vazirligining energetika siyosati, yashil energiyaga o‘tish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha yo‘nalish rahbari Urs Daniyel Engels tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik ushbu sohaning ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishi va bunda o‘z faoliyatini boshlagan o‘quv markazi keng imkoniyatlar yaratishini qayd etdi. 

Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash hamda har bir davlat korxona va tashkilotida energiya menejerlar shtatini joriy etish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.  

Shuningdek, mazkur hujjatga asosan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Germaniya energetika agentligi (DENA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida energiya samaradorlik va energiya menejerlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish vazifasi belgilandi.  

– Prezidentimizning mazkur qarori ijrosi doirasida institutimizda O‘zbekiston-Germaniya o‘quv markazining ochilishi energetika sohasi hodimlari uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Dastlab germaniyalik mutaxassislar institut xodimlarini o‘qitadi. Keyin esa ular mamlakatimizdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorlik sohasida mutaxassislar tayyorlaydi. Shu vaqtga qadar ham biz Germaniyaning “DENA”, “RENAC” va “Eclareon” kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganmiz. Mazkur kompaniyalar tomonidan energiya samaradorlik va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha Germaniya tajribasi asosida mutaxassislarni qayta tayyorlash bo‘yicha treninglar tashkil etilgan. O‘quvlarda mamlakatimizdagi sohaga doir oliygoh va ilmiy muassasalar mutaxassislari ishtirok etdi. Bugun rasman o‘z ishini boshlagan o‘quv markazi faoliyati bu jarayonni yanada tizimli tashkil etishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi J.Ahadov. 

Tadbirda aytib o‘tilganidek, institutda tajriba tariqasida “Energiya samaradorlik” va “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish” sohalari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha 35 nafar trenerlar malakasi oshirilgan. 

Germaniya energetika agentligining xalqaro hamkorlik bo‘yicha eksperti Irina Goryuchuxina qayd etganidek, markazning tashkil etilishiga 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tashabbusi asos bo‘lgan. Vazirlik Germaniya tomoniga mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetika hamda energiya samaradorligi sohalarida kadrlar salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha rasmiy taklif bilan murojaat qilgan. 

– Shundan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida 2020 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan iqtisodiy muloqot doirasida loyihaga start berildi. 2023 yilda o‘quv markazining konsepsiyasi ishlab chiqilib, o‘sha yilning dekabr oyida dastlabki pilot kurslar o‘tkazildi. Joriy yilda loyihaning ikkinchi fazasi boshlandi. Markaz faoliyatining asosiy maqsadi esa mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Mustaqil ravishda o‘quv kurslarini o‘tkaza oladigan trenerlar jamoasini shakllantirishdan iborat. Bu orqali O‘zbekistonda “yashil” energetika sohasida kadrlar salohiyatini kuchaytirish va ta’lim tizimini barqaror yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Biz bu markaz orqali trenerlar va o‘qituvchi mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilganmiz. Ushbu markaz kelgusida doimiy ravishda faoliyat yuritib, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning muhim platformasiga aylanadi, – dedi Irina Goryuchuxina. 

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston-Germaniya o‘quv markazida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi. Ularning qayd etishicha, mazkur tashabbus O‘zbekistonda “yashil” rivojlanish va energiya samaradorligini ta’minlashga qaratilgan ulkan qadamlardan biridir. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jU8VWTZcc1I" title="Poytaxtimizda O‘zbekiston-Germaniya o‘quv markazi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA