Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda kelasi hafta Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi o‘tkaziladi
15:12 / 2020-12-11

“Toshkent quvonchlari” VIII Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi joriy yilning 15-20 dekabr kunlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida bo‘lib o‘tadi.

Hozirgi kunga qadar biyennaleda 15 ga yaqin davlat, jumladan, Xitoy, Belarus, Rossiya, Tailand, Fransiya, Yaponiya, Malayziya kabi davlat bolalari o‘zlarining san’at asarlari bilan ishtirok etmoqda. Ijodiy ishlar qabul qilinishi esa davom etmoqda.  

Bu yilgi tanlovga qabul qilingan yosh rassomlarning 2 mingga yaqin rasmlari ko‘rgazmalar zalidan joy olgan. Tanlovga yuborilgan ishlar 5 yoshdan 7 yoshgacha, 8 yoshdan 12 yoshgacha, 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan guruhlarga ajratilgan holda hakamlar hay’ati tomonidan holisona baholanib boriladi.  

Ushbu xalqaro tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad bolalarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini orttirish, ular orasidan yangi iqtidorlarni izlab topish va rag‘batlantirish, mamlakatimiz bolalarini dunyodagi tengdoshlari ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularning do‘stligini yanada mustahkamlash, qolaversa, jahon san’ati va madaniyatiga bo‘lgan e’tiborni oshirishdir.  

– Ushbu tanlov har ikki yilda o‘tkaziladi, joriy yilda ham pandemiya bo‘lishiga qaramasdan Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qildik, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur. – Mingdan ortiq asarlarni kuzatar ekanmiz, dunyo bolalarining kelajakka bo‘lgan umid va orzulari, qiziqishlarini aynan tasviriy san’at orqali ko‘rsatib berganining guvohi bo‘lamiz. bugungi kunda har bir viloyatda o‘z faoliyatini yuritayotgan san’at maktablaridan ham iste’dodli yoshlar qanashmoqda. Bu juda quvonarli hol. O‘quvchilarning yoshligidan san’atga bo‘lgan ishtiyoqi va iqtidorini aniqlash, uni munosib ravishda taqdirlash, imkoniyatlar eshigini ochishda bunday tanlovlarning o‘rni beqiyosdir.  

Tanlov yakunida g‘oliblarga oltin, kumush va bronza medallari, esdalik sovg‘alari va sertifikatlar topshirilishi ko‘zda tutilgan.  

 

M.Qudratullayeva, O‘zA