Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda joriy yil birinchi choragida 40 nafar shaxs oqlandi
15:41 / 2025-05-12

Toshkent shahar sudlari tomonidan joriy yil birinchi choragida  jami 40 nafar shaxsga nisbatan oqlovga oid qarorlar chiqarildi. 834 holatda tergov organi tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi.

Toshkent shahar sudining axborot xizmati ma’lum qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan birinchi chorakda 3 ming 347 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 780 jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. 

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 170 milliard  so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini qoplagan 165 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. 482 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning kafilligi asosida besh nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki qonunda nazarda tutilganidan ko‘ra yengilroq jazo tayinlangan. 67 nafar shaxsga tayinlangan jazolar yengilroq jazo bilan almashtirilgan. 675 nafar shaxs muddatidan ilgari jazo (qamoq)dan ozod qilingan.

Jinoyat ishlarining 1 ming 379 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 776 tasi uncha og‘ir bo‘lmagan, 969 tasi og‘ir va 225 tasi o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarni tashkil etgan. 

Sudlangan shaxslarning 383 nafariga jarima, 518 nafariga axloq tuzatish ishlari, 572 nafariga ozodlikni cheklash, ming nafardan ziyodrog‘iga ozodlikdan mahrum qilish, 13 nafariga majburiy jamoat ishlari, 1 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo‘lsa, 83 nafar shaxs shartli hukm qilingan.

Sudlanganlarning 218 nafarini ayollar, 91 nafarini voyaga yetmaganlar, 1 ming 289 nafarini yoshlar, 71 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 53 nafarini chet el fuqarolari va 10 nafarini tadbirkorlar tashkil etgan. 779 nafar muqaddam sudlangan shaxslar takroran jinoyat sodir etgan. 

591 jinoyat ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish to‘g‘risida 2 ming 369 xususiy ajrim chiqarilgan. 

“Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi asosida sudyalar Toshkent shahridagi 579 mahallada huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, mavjud muammolarni tizimli hal etish yuzasidan sayyor uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari tergov sudyalari tomonidan 26 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan 22 ming 135  ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan va tamomlangan. 

Ma’muriy huquqbuzarlikka tortilgan shaxslarning 13 mingga yaqiniga jarima, 47 nafariga maxsus huquqdan mahrum qilish, 7 ming nafarga yaqiniga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Toshkent shahar, tuman va tumanlararo sudlariga jami 7 ming 261 murojaat kelib tushgan. Ularning 2 ming 852 tasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, 4 ming 47  tasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati va 362 tasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan o‘rganilgan va barchasi qonun doirasida ko‘rib chiqilgan. 

N.Abduraimova, O‘zA