Mamlakatimizda paralimpiya va adaptiv sportni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, qolaversa, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun zarur imkoniyatlar yaratib berishdan iborat. Shu maqsadda joriy tizim tobora takomillashtirilib, xalqaro tajribalarga ham diqqat qaratilayotir.
Joriy yilning 24-28 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston tajribasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadida “Paralimpiyachilar matonati” xalqaro forumi hamda uning doirasida “Adaptiv sport” festivali tashkil etilmoqda.
Forumda xorijiy paralimpiya sportchilari, xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va tashkilotlar vakillari ishtirok etib, adaptiv sport infratuzilmasi, ta’lim dasturlari, ijtimoiy integratsiya masalalari bo‘yicha muhokamalar olib boriladi.
Adaptiv sport festivali doirasida Rossiya adaptiv xokkey federatsiyasining yetakchi sportchilari va murabbiylari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, mahorat darslari o‘tkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu forum va festival nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning matonati va hayotga intilishini yorituvchi, jamiyatda inklyuzivlik madaniyatini mustahkamlovchi muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish, adaptiv sportni rivojlantirish va jismoniy reabilitatsiya tizimini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA