Bugun Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida Global to‘qimachilik haftaligi ochildi.
Uchta muhim tadbirni o‘zida qamrab olgan mazkur haftalikda 22 ta mamlakatdan 250 dan ortiq kompaniya va brendlar o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tantanali tadbir ochilishida “Ўзto‘qimachilikсаноат” uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Jumaniyozov, “Turkish Machinery” - Turkiya Mashinasozlik mahsulotlari eksportchilari uyushmasi raisi o‘rinbosari Sevda Kayhan Yilmaz, “ICA Events” kompaniyasi bosh direktori Edvard Stroon so‘zga chiqib, mazkur ko‘rgazma to‘qimachilik va mashinasozlik sohasidagi jahon ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini namoyish etish uchun muhim platformaga aylangani va bunda mahalliy ishtirokchilarning soni yildan-yilga oshib borayotganini alohida qayd etdi.
[gallery-25219]
Mazkur haftalik doirasida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari - CAITME 2025” 16-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi hamda “To‘qimachilik va tikishchilik sanoati - TextileExpo Uzbekistan 2025” 25-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, biznes dastur tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Qayd etish keraki, “Global Textile Days” nafaqat to‘qimachilik sanoatidagi so‘nggi ishlanmalarni namoyish etish, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga ham qaratilgani bilan ahamiyatli. Unda qatnashchilar uchun yaratilgan “Bayerlar dasturi” xorijiy xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim hisoblanadi.
Ko‘rgazmada Buxorodagi “Merganteks” korxonasi ham o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Kompaniya menejeri Gulchehra Shoyqulovaning ta’kidlashicha, ushbu tadbir xorijlik xaridorlar bilan muloqot qilish uchun qulay imkoniyat.
–Ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, kompaniyamiz mahsulotlari Polsha, Turkiya, Bosniya, Eron kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Bizda ishlab chiqarish sikli paxta qayta ishlash zavodi, to‘qimachilik, bo‘yash va tikuvchilik fabrikalaridan iborat. Bugungi kunda korxonamiz imkoniyatlarini kengaytirish borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayonda ko‘rgazmada qatnashish oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz uchun yanada muhim, –dedi u.
Ispaniyadagi “AYECO” kompaniyasi asoschisi Alexandro Pastrananing so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Bu esa to‘qimachilik sanoatining ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi.
– So‘nggi 6-7 yil ichida ispan kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga faol kirib kelmoqda. Biz asosiy yo‘nalish sifatida o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga chiqarishga harakat qilyapmiz. Bunda asosan Yevropa bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilishga ahamiyat qaratyapmiz. Lekin Yevropa bozorida raqobat juda yuqori. Agar mahsulot yevropalik ishlab chiqaruvchilarnikiga o‘xshash bo‘lsa, uni sotish juda qiyin. Bu nafaqat o‘zbek mahsulotlariga, balki boshqa mamlakatlarning mahsulotlariga ham taalluqli. Ammo Yevropa ehtiyoj sezadigan mahsulotlar uchun bozor doimo ochiq va ulkan imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda, bugun men ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdim. Tadbirning birinchi kunidan hamkorlarimiz bilan galdagi ishlarni hal qilishga kirishdik, –dedi A.Pastrana.
Eslatib o‘tamiz, haftalik 11 sentyabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA