English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda dunyoga mashhur brendga ega mehmonxona faoliyat boshladi
19:30 / 2020-12-22

Poytaxtimizda dunyoga mashhur “Marriott” mehmonxona brendining ilk tarmog‘i – “Courtyard by Marriott Tashkent” mehmonxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

“Marriott International” eng yirik mehmonxona tarmog‘i bo‘lib, 50 dan ortiq mamlakatda uning 1 ming 100 dan ziyod mehmonxonalari mavjud. Mazkur brendning pozitsiyasi mijozlar istagi bilan boshqariladi.

– Pandemiya davrida turizm sohasi tadbirkorlari, shuningdek, investorlar uchun qator imtiyoz va preferensiyalar berildi, – deydi A.Abduhakimov. – Natijada turli hududlarda yangi mehmonxona hamda turistik ob’ektlar qurilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shuningdek, investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Davlat byudjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqidagi Nizomga ko‘ra, sarmoyadorlar va tashkilotlar uchun mehmonxona qurish hamda uni jihozlashga sarflagan xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjetidan mablag‘ ajratilgan. Bu 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun 40 million so‘m, 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda har bir xona uchun 65 million so‘mni tashkil qiladi. Subsidiya o‘tgan yilning 5 yanvaridan 2022 yilning 1 yanvariga qadar foydalanishga topshirilgan mehmonxonalar uchun ajratiladi. Subsidiya olish uchun investor Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ariza va tegishli hujjatlar bilan murojaat qilishi mumkin.

Mehmonxona bosh menejeri Aleksandr Bakanov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat turizm sohasini qo‘llab-quvvatlayotganini alohida e’tirof etib, mehmonxona qurilishi va ochilishiga tayyorgarlik jarayonida ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

“Courtyard by Marriott Tashkent” “Marriott International”ga tegishli mehmonxonalar brendi bo‘lib, unga 1983 yilda asos solingan. Ushbu otellar ishbilarmon sayyohlar, shuningdek, oilalar joylashuvi uchun o‘rta narxdagi mehmonxonalar toifasiga kiradi.

“Courtyard by Marriott Tashkent” xalqaro talablarga javob beradi va eng talabchan sayyohlarga ham manzur bo‘ladi. Mehmonxona global “Marriott Bonvoy” moyillik dasturining ishtirokchisi bo‘lib, bu uni doimiy mehmonlar uchun yanada jozibali qiladi.

Mazkur brend mehmonxonalarida faol insonlar uchun ideal muhit yaratilgan. Uning Toshkent shahrining markazida joylashganligi esa bu maskanning ishbilarmon sayyohlar uchun yanada jozibasini oshiradi.

“Courtyard by Marriott Tashkent”da 131 shinam xona, ko‘p tarmoqli 5 konferensiya zali, 2 ta restoran, “Ugolyok” terassasi hamda Yevropa milliy taomlariga ega 2 bar, shuningdek, basseyn va fitnes klublari xizmatlari taklif etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA