French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda «Do‘stlik» madaniyat va istirohat bog‘i foydalanishga topshirildi
17:18 / 2021-10-21

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani hududida joylashgan istirohat bog‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, ta’bir joiz bo‘lsa, bog‘ning qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Yangilanishlarga monand ushbu so‘lim go‘shaga “Do‘stlik” nomi berildi. Endi bu maskanda ko‘p millatli O‘zbekistoning rivojlanish an’analarini o‘zida mujassam etgan madaniy- ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Bu esa millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayni fikrlar qayta ta’mirlangan “Do‘stlik” bog‘ining ochilish marosimida turli millat vakillari tomonidan e’tirof etildi.

«Do‘stlik» madaniyat va istirohat bog‘ining tantanali ochilish marosimida Toshkent shahar hokimligi va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddi xodimlari, poytaxt aholisi va mehmonlari, milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida milliy madaniy markazlar faollari va xushovoz xonandalar tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.

Bog‘ning umumiy maydoni 12 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda zamonaviy sport maydonlari, voleybol, basketbol, mini futbol, shaxmat, shashka o‘ynash uchun maxsus joylar, kutubxona va bolalar maydonchalari qurildi. Bog‘ hududi obodonlashtirilib 5 ming tupga yaqin daraxtlar va turfa gullar ekildi. 2 ta suv havzalari ta’mirlandi. Bu esa bog‘ sayriga kelgan 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan insonlar uchun qulay sharoitdir.

Do‘stlik bebaho tushuncha. Uni goh ko‘prikka, goh bog‘ga qiyoslashadi. Bog‘dagi daraxtlar jamiyatdagi farovonlikdan dalolat bersa, ko‘prikni millatlar va davlatlararo aloqalarning rivojlanishi, deya ta’riflashadi. Mazkur bog‘ ham ayni jihatlarni o‘zida mujassam etgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

 

N.Usmonova, O‘zA