Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab Yangi yil bayrami tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
Jumladan, poytaxtimizda eng baland Yangi yil archasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi old maydonida 35 metr balandlikda qad rostladi. 33 mingdan ziyod o‘yinchoqlar hamda minglab nur sochgan chiroqlar bilan bezatilgan ushbu archa atrofida bugundan yorqin shou-dasturlar va iste’dodli san’atkorlarning chiqishlari ham kutilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda, oila va do‘stlar hamrohligida, yorqin dasturlar bilan nishonlash uchun 2025 yil 25 dekabrdan 2026 yil 10 yanvarga qadar Toshkent shahri bo‘ylab bir qator madaniyat va istirohat maskanlarida bayram tadbirlari tashkil etiladi.
Yangi yil bayrami tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish, bayram tadbirlari vaqtida aholi hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida harakat vaqtinchalik cheklanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA