English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimiz yana bir marafonga tayyorlanmoqda
12:18 / 2024-02-03

Joriy yilning 21 aprel kuni VI Toshkent xalqaro marafoni o‘tkaziladi. Mazkur marafonga ro‘yxatdan o‘tish ishlari boshlandi.

Marafon 5,5 mingdan ortiq yugurish sporti havaskorlarini qabul qiladi. Tadbir dasturiga 42 km klassik marafon masofasi, 21 km yarim marafon masofasi va 3 hamda 10 km masofalari kiritilgan. Marafon arafasida “Kids Run” ommaviy yugurish musobaqasi va skandinavcha yurish bo‘yicha musobaqalarning o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.  

VI Toshkent xalqaro marafoni O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda mamlakatimiz Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.  

Qat’iy ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, so‘nggi vaqtda O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzining havaskorlarini birlashtiruvchi yangi yugurish madaniyati shakllangan. Butun yil davomida poytaxtda va hududlarda, mamlakatning eng muhim sport tadbirlaridan biri bo‘lmish — Toshkent xalqaro marafoniga tayyorgarlik bo‘lib hisoblangan ommaviy yugurish musobaqalari, turli jamoaviy musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda.  

Umumiy sovrin fondi 720 million so‘mni tashkil qiladi. Ilk marotaba erkaklar va ayollar orasida trassa rekordi uchun asosiy mukofotlardan tashqari bonuslar taqdim etiladi. Aniqrog‘i, marafon masofasi uchun 15 million so‘m va yarim marafon masofasi uchun 10 million so‘m beriladi.  

Toshkent marafoni xalqaro miqyosdagi sport tadbiri bo‘lib, World Athletics Label maqomiga ega hamda World Athletics (Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi) musobaqalar taqvimiga kiritilgan. 2023 yilda marafon doirasida Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalar o‘ynalgan. 2022 yilda esa marafon 28 ga yaqin dunyo mamlakatlarini birlashtiruvchi, Shanxay hamkorlik tashkilotining sport tadbirlari bilan birgalikda o‘tkazilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi Markaziy Osiyo Yengil atletika assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oltinchi marotaba ushbu sport tadbirining tashkilotchisi sifatida qatnashmoqda. Tayyorgarlikning har bir bosqichida marafonni yuqori miqyosda o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib boriladi — trassa qoplamasidan boshlab, antidoping nazoratini ta’minlashgacha. Toshkent xalqaro marafoni trassasi Xalqaro marafonlar va ommaviy yugurish musobaqalari assotsiatsiyasining (AIMS) xalqaro sertifikatiga ega. Tadbir arafasida Toshkentga yugurish marafonini baholash maqsadida xalqaro ekspertlar yetib keladi.  

Start-finish shaharchasi poytaxtning eng markazida — Afrosiyob va Beshyog‘och (“Humo Arena” sport majmuasi maydoni) ko‘chalarining kesishish nuqtasida joylashadi. Masofalar marshruti esa markaziy ko‘chalardan o‘tib, bu ishtirokchilarga shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish va yangi Toshkentning muhitini his qilish imkoniyatini beradi.  

VI Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etish uchun https://perfend.com/events/sport/tashkent-marathon-6 havolasi orqali Perfend.com platformasida ro‘yxatdan o‘tish va tanlangan masofaga muvofiq holda ishtirokchining start to‘lovini amalga oshirish kerak bo‘ladi.  

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 2024 yil 1 fevraldan 5 aprelgacha davom etadi. Marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi — 350 ming so‘m, yarim marafonda — 250 ming so‘m, 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasida — 190 ming so‘m, 3 km masofaga — 150 ming so‘m, “Kids Run” (1km) va skandinavcha yurish (3 km) musobaqalarida — 150 ming so‘mni tashkil qiladi.  

Joriy yilda tashkilotchilar tomonidan kumush, oltin va platina ishtirokchi raqamlarini berish bo‘yicha yangi xizmat joriy etildi. Ushbu start paketi yuguruvchilarga trassani o‘tish translyatsiyasini marafonning telegram-boti orqali onlayn rejimda tomosha qilish imkoniyatini beradi. Uning qiymati tanlangan masofaga bog‘liq bo‘ladi — 250 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha.  

 Ishtirokchi paketiga quyidagilar kiradi:  

• tanlangan masofaga muvofiq holda ko‘krak start raqami (1 dona);  

• 4 ta to‘g‘nog‘ich;  

• ryukzak;  

• tadbir logotipi tushirilgan futbolka;  

• tadbir kunida jamoatchilik transportiga 2 ta chipta.

Ishtirokchining start paketini olish uchun https://perfend.com saytida ro‘yxatdan o‘tish va 2024 yil 17 apreldan 19 aprelgacha, soat 10:00 dan 18:00 gacha paketlarni berish punktiga tashrif buyurish va ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchi kodini va/yoki raqamini ko‘rsatish zarur. Ishtirokchilarning paketlari Yengil atletika federatsiyasi binosida beriladi.  

2024 yil 5 apreldan 12 aprelgacha marafonning sayti yoki telegram-boti orqali qo‘shimcha to‘lov qilgan holda ishtirokchining paketini yetkazib berish xizmati bilan onlayn ro‘yxatdan o‘tish qo‘shimcha xizmati joriy etilgan.  

Toshkent xalqaro marafonida kvota bo‘yicha ishtirok etuvchi jamoalar uchun arizalar tashkiliy qo‘mita tomonidan faqat belgilangan namunadagi blankda qabul qilinadi. Arizani 2024 yil 1 fevraldan 5 aprelgacha info@uzmarathon.uz elektron manziliga yozgan holda olish mumkin.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA