Joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkentda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) kongressi bo‘lib o‘tadi.
FIE tomonidan tashkil etiladigan mazkur kongressda tashkilotning prezidentligi uchun saylov, qilichbozlik sport turining xalqaro maydondagi rivoji, o‘tkazilgan nufuzli musobaqalardagi yutuq va kamchiliklar hamda kelgusi yildagi chempionat va turnirlarni o‘tkazish borasidagi masalalar tahlil etiladi.

Eng asosiysi, keyingi to‘rt yillik muddat uchun Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidentligi uchun saylovlarda munosib nomzodlarni aniqlash bo‘ladi. Hozirda FIE prezidentligi vazifasida gretsiyalik Manolis Katsiadakis faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: 2022 yil mart oyida Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli o‘z vakolatlarini to‘xtatgan Alisher Usmonov tashkilotga rahbar bo‘lish uchun asosiy da’vogarlardan deb hisoblanmoqda. A.Usmonov nomzodini Rossiya, Belarus, Serbiya va Xitoy qatori 103 mamlakatning milliy federatsiyalari qo‘llab-quvvatlagan.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Alisher Usmonov 2008-2022 yillar davomida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasini boshqargan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA