Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining 2022 yil yanvar oyidagi sud buyrug‘iga asosan Termiz tumanida yashovchi qarzdor Jo‘rabek Mavlonovdan voyaga yetmagan ikki farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Biroq, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab qochib yurgani uchun unga nisbatan MIB Termiz tuman bo‘limi qidiruv e’lon qilgan.
MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi ichki ishlar organlari hamkorligida olib borgan tezkor qidiruv chog‘ida qarzdor ota Toshkent shaxridan topilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosiga olib kelindi. MIB tuman bo‘limi to‘plangan hujjatlarni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudiga taqdim etgach, sud jarayoni masofadan onlayn tashkil etildi.
Ochiq sud majlisida qarzdor otaga 16 million 496 ming so‘m aliment pulini to‘lashdan bosh torgani sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Qaror ijrosini ta’minlash Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi maxsus qabul qilish muassasasi zimmasiga yuklatildi.
Ulug‘bek Haydarov,
MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi
qidiruv sho‘’basi inspektori
O‘zA