Poytaxt hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov qator mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan birga poytaxtimiz tumanlarida bo‘lib, bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy ob’ektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.
Xususan, Yangihayot tumanidagi mahalliy sanoat ishlab chiqarish korxonalaridan “SOLID ADVANCE GROUP” hamda “UZPOLITEX HOLDING” MCHJlar faoliyati bilan tanishib, zarur infratuzilmalar bilan ta’minlanganlik holatiga e’tibor qaratdi. Ishlab chiqarish quvvatini oshirish, xorijga eksportni kengaytirish yuzasidan qator topshiriq va tavsiyalarni berdi.

Shuningdek, Chilonzor tumanining Gulobod, Beshchinor hamda Dilobod mahallalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bajarilgan ishlar, hududdagi qozonxona va farmatsevtik ob’ektlar ko‘zdan kechirildi. Mahallalarning infratuzilmasini o‘rganib, aholi uchun yaratilgan qulayliklar va qilinishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi. Tashrif chog‘ida mutasaddilar “Thompson School”, “Rayyana Kids” xususiy maktabi va MTTlarini ko‘zdan kechirib, u yerda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi.

Sergeli tumanida esa Madadkor va Shukrona mahallalaridagi infratuzilmani yaxshilash, obodonlashtirish masalalari muhokama etildi hamda aholi murojaatlari o‘rganilib, hal etish yuzasidan olib borilgan ishlar ko‘rib chiqildi.


Shu bilan birga, mutasaddilar “Hayot” boshqaruv servis kompaniyasi, Toshkent truba zavodi, 300-umumta’lim maktabi, tumandagi bozorlarning sanitar holati, yer usti metro bekatlariga tutash hududlar, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati bilan tanishdi. Muammolar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va takliflar berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA