Poytaxtda voyaga yetmaganlar foydasiga 82,8 milliard so‘m aliment undirildi
Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari ish yurituvida bolalarning moddiy ta’minoti va aliment undiruvi bilan bog‘liq 29 mingga yaqin ijro hujjati mavjud.
Shundan yil boshidan buyon 1,5 mingdan ziyodi tamomlangan va tugatilgan. Xususan, voyaga yetmaganlar foydasiga 82,8 milliard so‘m miqdoridagi aliment qarzdorligi undirilgan.
Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan 286 nafar qarzdor shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Qo‘llanilgan ma’muriy jazodan tegishli xulosa chiqarmay, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 30 nafar qarzdor shaxslarga nisbatan joriy yilning yanvar, fevral oylari davomida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA