4-6 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da sog‘liqni saqlash sohasidagi kuz mavsumining muhim voqeasi - “UzMedExpo-2025” xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur namoyishlar tibbiyot tizimiga innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlik uchun strategik platforma hisoblanadi. Joriy yilning boshida Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan edi. Ushbu hujjat shuningdek ijtimoiy siyosatning tarkibiy qismi sifatida sog‘liqni saqlash yo‘nalishini ham qamrab oladi.
Ma’lumki, tibbiyot sohasi davlat harajatlari tarkibida ham yuqori o‘rinlarni band etgan. Shu bois inson salomatligini mustahkamlashga qaratilgan yuqori darajadagi e’tibor ko‘rgazma ruhida ham sezilib turdi. Bu yerda barcha mahsulotlar so‘nggi turdagi texnologiyalar, tibbiyot sohasining eng maqbul va yangi yechimlarini qamrab olgan, bemorlar va shifokorlarning ishini yengillashtirish maqsadlariga yo‘g‘rilgan nou-xaulardir.
- Biz bemorlarga nafas olishga yordam beruvchi tibbiyot uskunalarini ishlab chiqaramiz, - deydi “Chirana Azia” milliy ishlab chiqarish va servis xizmatlarini ko‘rsatish kompaniyasi bosh direktori Pan Aleksandr. - Bugungi kunda ko‘rgazmaga EKG, monitorlar va boshqa apparaturalar taqdim etganmiz. Jami yil davomida 150 dona turli xil soha uchun zarur uskunalar tayyorlaymiz. Ulardan 30 % lokalizatsiya qilingan. Biz tayyorlagan mahsulot xorijnikidan ancha arzon. Shu bilan birga Yevropa standartlariga to‘g‘ri keladi. Yilning oxiriga qadar yana yangi tibbiyot qurilmalarini ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Har yili 18 tagacha xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etamiz. Bugungi ko‘rgazmadan maqsad mutaxassislarga, mijozlarga O‘zbekistonda shunday yuqori texnologik uskunalarni ishlab chiqarish korxonasi borligini namoyish etish.
Ekspozitsiyada tibbiyot va salomatlik uchun eng yangi texnologiyalar va uskunalar, farmatsevtika ishlanmalari, sarflama materiallar, IT-yechimlar va zamonaviy servislar taqdim etildi.
- Ds.Med tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish kompaniyasi Rossiya bozorida 10 yildan buyon faoliyat yuritib keladi, - deydi kompaniyaning texnik rahbari Oleg Krupkin. – Shundan 4 yili tibbiy uskunalar ishlab chiqarishga sarflandi. Ushbu qurilmalar yordamida har qanday sharoitda aniq rentgen tashxislarini qo‘yish mumkin. Xirurgik operatsiyalardan tortib, endoskopik, laproskopik amaliyotlargacha uskunalarimizning yuqori aniqlikdagi imkoniyatlaridan keng foydalansa bo‘ladi. Bu yerga lor kombaynlarini ham olib kelganmiz va boshqa tibbiyotda ishlatiladigan ko‘plab zarur qurilmalarni ko‘rgazmaga taqdim qilganmiz. Bizni mahsulotlarimizga soha mutaxasislarida qiziqish yuqori bo‘ldi va kelgusida juda katta miqdorda buyurtmalar olish imkoniga ega bo‘ldik.
Bundan tashqari “UzMedExpo-2025” vatanimiz ishlab chiqaruvchilarining olg‘a siljishiga va xorij kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirishga yordam beradi. Joriy yilda unda Belarus, Eron, Koreya Respublikasi, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy davlatlaridan 80 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada asosan shifoxona va klinikalar uchun tibbiy va tashxislash uskunalari, farmatsevtika, stomatologiya, oftalmologiya va nevrologiya, ortopediya va reabilitatsiya, tibbiy turizm, xizmatlar, go‘zallik va salomatlik kabi yo‘nalishlar ustuvorlik kasb etdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8LAMwiNAHSg" title="Poytaxtda “UzMedExpo-2025” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA