Toshkent shahrida Turkiyaning “Medipol Global” xalqaro sog‘liqni saqlash xizmatlari markazi ochildi. Ushbu tashkilot Istanbuldagi Medipol universiteting bir bo‘lagi hisoblanib, o‘zining yuqori malakali professorlari va zamonaviy davolash texnologiyalari bilan ham mashhur.
Markazning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shifokorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirishning asosiy maqsadi tibbiy ta’lim, kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, zamonaviy tibbiyotni mamlakatimizda joriy etish orqali insonlarga zamonaviy, malakali va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan yangi zamonaviy tibbiyot markazlari, ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan shifoxonalar barpo etilayotir. Bu bemorlarni tashxislash va davolash sifatini oshirish imkonini beradi.
[gallery-14797]
Ma’lumki, yurtimiz o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or tibbiyot amaliyotini joriy etish uchun xorijlik mutaxassis va ekspertlarni faol jalb etmoqda. Ushbu markazning ochilishi ham turkiyalik va mahalliy shifokorlarning o‘zaro tajriba almashishi, bemorlar uchun konsiliumlar tashkil etish, ilmiy ishlar, yangi joriy etilayotgan davolash usullari va texnologiyalarni yurtimizda tatbiq etishga xizmat qiladi.
Aytish lozimki, O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biri aholining barcha qatlamlari uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishdan iborat. Davlatimiz esa bu borada aholi ehtiyojini qondiradigan, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy va samarali sog‘liqni saqlash tizimini yaratishga intilmoqda.
Ishtirokchilar markazda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, davolash texnologiyalari, ilg‘or tibbiy asbob-uskunalarni ko‘zdan kechirdi. Ularni qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob qaytarildi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA