Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtda oilaviy sudyalar ish olib borayotganidan xabardormisiz?
17:15 / 2024-03-25

2023-yil 21-dekabrdagi «Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorining ijrosini ta’minlash hamda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning faolligini oshirish maqsadida Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ilg‘or xorijiy tajriba asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqidagi taklifiga rozilik berildi.

Bunda 2024-yil 1-fevraldan mavjud shtat birliklari doirasida tajriba tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida, Namangan tumanlararo va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudlarining ikki nafardan sudyasini oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda ushbu sudlarda «Oila sudyalari» tashkil etildi. 

Jumladan, 2023-yil davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi tomonidan 36 922 ta ish (16 226 ta fuqarolik ishi, 20 696 ta sud buyrug‘i) ko‘rib tamomlangan. Shundan 4 915 tasi (13,3 foizi, 3 844 ta fuqarolik ishi, 1071 ta sud buyrug‘i) oilaviy- huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishlarni tashkil etadi. 

«Oila sudyalari» tomonidan ko‘rib chiqiladigan oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar ro‘yxati 32 toifadan iborat. 

Shuni ta’kidlash joizki, oila sudyalari orqali nizolashayotgan oilalardagi kamchiliklar bartaraf etilishiga harakat qilinadi. 

Oila sudyalari mahalla faollari hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari bilan hamkorlikda tushuntirishlar berish orqali ajrimlarning oldini olishga ko‘maklashadi. 

Oila jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lib, uni saqlab qolishga barchamiz mas’ulmiz. Chunki, oiladagi muhit va unda katta bo‘layotgan farzandlar tarbiyasi va kamoli nafaqat, davlatning balki, barchamizning vazifamizdir. 

Oila sudyalari tomonidan nikohdan ajratish masalasi ko‘rib chiqilganidan so‘ng, tabiiyki boshqa oilaviy nizolar vujudga keladi. Xususan, farzand otasiz yoki onasiz qolganda, bu bolaning tarbiyasiga hamda psixologik holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Zero, har bir bola to‘liq va ma’nan sog‘lom oilada o‘sish hamda tarbiyalanish huquqiga ega. 

Dunyoda bola huquqlarining qonunchilik kafolatlarini belgilashga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki, inson huquqlari bola huquqlaridan boshlanadi va bolalar huquqlarini kafolatlash orqali har bir davlat o‘z kelajagini ta’minlaydi. 

Jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oilalar qanchalik tinch va totuv bo‘lsa, shundagina davlat tinch va barqaror ravnaq topishi mumkin. Shu jihatdan, oila qo‘rg‘onining mustahkamligi va unda ma’naviy jihatlarning shakllanishi hamda amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin oila deb atalmish muqaddas makonda farzandlar kamolga yetadi, ulg‘ayadi. 

Ana shularni inobatga olgan holda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida nikohdan ajralish uchun ariza bergan oilalarni yarashtirish maqsadida mediatsiya xonasi tashkil etilgan bo‘lib, unda oilaviy masalalarga oid ishlar ko‘rib chiqilmoqda. 

O‘ylaymizki, boshlangan bu ezgu tashabbus vaqt o‘tib o‘zini oqlaydi. 

Zulfiya Nuraliyeva, 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha 

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi