"Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli tadbirlari doirasida poytaxtdagi oliy ta’lim muassasasining 1-bosqich talabalari tomonidan amalga oshirilgan narkokurerlik faoliyati aniqlanib, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada talabalardan birining tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingani aks etgan edi.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar talaba yonidan 120 gramm Alfa PVP sintetik giyohvand moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olinganini ko‘rsatdi.
Tadbir davom ettirilib, 2007 yilda tug‘ilgan talabaning vaqtincha yashab turgan yotoqxonasida qo‘shimcha 400 gramm sintetik modda topildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu talaba va uning sherigi tanishlari tashlab bergan geolokatsiyalardan moddalarni olib, yotoqxonada dozalarga bo‘lib, belgilangan manzillarga yetkazib bergan.
Natijada umumiy og‘irligi 520 gramm, bir martalik 2600 dozaga teng sintetik giyohvand moddani noqonuniy muomalaga kiritishning oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan talabalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan ish qo‘zg‘atilib, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi.
Hozirda giyohvandlik vositalarining manbaini aniqlash va ushbu jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni fosh etish bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA