Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ida umumiy qiymati 2,2 trillion so‘mlik 1 ming 16 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshgan.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda hududlardagi mavjud bozorlarda baliq sotish mavsumida jami 282 ta savdo nuqtalari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu savdo nuqtalari orqali aholiga bir kunda o‘rtacha 110-130 tonnagacha baliq yetkazib berilmoqda.
– bugungi kunda bayram oldi savdo yarmarkalarida maxsus tirik baliq tashishga ixtisoslashgan avtotransport vositalarida baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan sifatli va arzon tirik baliq savdolari tashkil etilmoqda, – deydi Zilola Ro‘ziyeva. – Bunda har bir tashkilot va korxonalarga 1 tonnadan 1,5 tonnagacha hajmda tirik baliq keltirilib, sotilmoqda.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar hokimligi bilan manzilli dastur tasdiqlangan bo‘lib, ushbu dasturga asosan shahar hokimligi tomonidan 12 ta dehqon bozorlari va ularning shoxobchalarida baliq savdosiga ixtisoslashgan savdo nuqtalari tashkil etish uchun 54 ta joy ajratildi. Mazkur joylarda baliq yetishtiruvchi va qayta ishlovchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari tomonidan o‘z mablag‘lari evaziga yengil konstruksiyali zamonaviy ko‘rinishga ega akvariumli savdo nuqtalari tashkil etildi.

Hozirda qolgan joylar bo‘yicha bosqichma-bosqich qayta rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi dehqon bozorlari va ularning shoxobchalarida mavsumda tashkil etilgan baliq savdosiga ixtisoslashgan savdo joylari orqali aholiga bir kunda 15 tonnadan 20 tonnagacha sifatli va arzon tirik baliq yetkazilib berilmoqda. “TCT Fish cluster”, “Xikmat baliq”, “To‘ytepa baliq ko‘li” hamda “Oganyok” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari shular jumlasidandir.
Birgina Toshkent shahri misolida ko‘rish mumkinki, baliq yetishtiruvchi va qayta ishlovchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari tomonidan bozorlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga tirik baliq savdosining tashkil etilishi orqali baliq narxlarining oshib ketmasligiga va sotilayotgan baliq hajmining ortishiga erishilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, baliq go‘shti – yengil hazm bo‘ladigan oqsil, mikroelementlar, vitaminlar manbaidir. Uning tarkibida fosfor moddasi miqdorining yuqori bo‘lishi sababli inson asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.
Ushbu mahsulot odamda ishchanlikni oshiradi, charchoqni yo‘qotadi, kishiga tetiklik, bardamlik baxsh etadi. Aynan fosfor elementi tufayli asab hujayralarida impulslar tarqalishining me’yoriy faoliyati ta’minlanadi. Baliq tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari turiga kiradi. Shu sababdan uni yangiligida iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Sog‘lom ovqatlanish masalasi kun tartibiga chiqqan bugungi davrda aholining ushbu mahsulotga bo‘lgan talabi ortib bormoqda. Mavjud talabni qondirish uchun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami ham oz emas. Yetishtirilayotgan baliqlarni yuqori sifatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida omuxta yem ishlab chiqaruvchi hamda baliqni qayta ishlovchi korxonalar hamda hududlarda sun’iy ko‘llar soni ko‘paytirilmoqda.
Sohaga yangi, innovatsion texnologiyalar joriy etilishi natijasida o‘tgan yil davomida respublikada 400 ming tonna baliq yetishtirildi hamda aholining yillik baliq iste’moli ko‘rsatkichi 8,5 kilogramdan 11,5 kilogramga yetkazildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA