Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtda 1 kilometr kvadrat maydonga qancha aholi to‘g‘ri keladi?
17:45 / 2022-11-10

bugungi kunda poytaxtimiz Toshkent shahrida doimiy aholi soni joriy yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 2 million 934 ming 100 kishini tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich yil boshidan 71,7 ming kishiga yoki 2,5 foizga ko‘paydi.

2022 yil yanvar-sentyabr oylarida doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelganlar soni 77 ming 719 kishini tashkil etgan. Doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlar soni esa 48 ming 146 kishini tashkil etdi.  

Shahar hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatadiki, eng ko‘p aholi soni Olmazor tumanida bo‘lib, 392,4 ming kishidan iborat. Shuningdek, Yunusobod tumanidagi aholi 364,8 ming kishini tashkil etadi. Eng kam aholi soni esa Yakkasaroy tumani (126,2 ming kishi) va Bektemir tumani (55 ming kishi) hissasiga to‘g‘ri keladi.  

 Bu haqda Toshkent shahar statistika boshqarmasida bo‘lib o‘tgan “Toshkent shahrining 2022 yil yanvar-sentyabr oylari holatiga demografik ko‘rsatkichlari” mavzusidagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.   

Matbuot anjumanida Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sanjar Annazarov hamda Demografiya va mehnat statistikasi bo‘limi boshlig‘i Umid Sotimov poytaxtimizning demografik ko‘rsatkichlari xususida ma’lumot berdi.

— bugungi kunda yurtimizda aholi soni va uning o‘sish sur’atlari uzluksiz ravishda ortib bormoqda, — dedi Umid Sotimov. — Jumladan, Toshkent shahrida doimiy aholi soni joriy yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 2 million 934 ming 100 kishini tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan. Ya’ni o‘tgan yili 2 million 840 ming aholi mavjud edi. Bir kilometr kvadrat maydonga 6 yarim ming aholi to‘g‘ri keladi. bugungi kunda jami aholidan erkaklar soni 1 million 438 ming 500 nafarni, ayollar soni  esa 1 million 495 ming 600 nafarni tashkil etdi. Aholining 57 foizi mehnatga layoqatli hisoblanadi. Yanvar-sentyabr oylarida 54,8 mingta tug‘ilganlar qayd etilgan bo‘lib, shundan o‘g‘il bolalar 51,6 foizni, qiz bolalar 48,4 foizni tashkil etadi.

Aytish lozimki, hisobot davrida poytaxtimizda 16,4 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lib, har 1000 aholiga nikoh koeffitsiyenti 7,6 promilleni tashkil etgan. Bu 2021 yilga nisbatan -0,4 promillega kamayganligini ko‘rsatadi. Shuningdek, shaharda nikohdan ajrashganlarning 28,6 foizi farzandsiz, 44,2 foizi bitta farzand bilan va 27,2 foizi ikki va undan ortiq farzand bilan ajrashganlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.  

Matbuot anjumanida ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.  

 Muhtarama Komilova, O‘zA