French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxt suv ta’minotida qanday muammolar bor?
23:29 / 2024-01-09

“Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Toshkent shahri iste’molchilarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suvlarni tozalash bilan bog‘liq ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 97,7 foizni tashkil etmoqda.  

Aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash barobarida uning ortiqcha sarfini kamaytirish, aholida iste’mol madaniyatini yuksaltirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2023 yilda Toshkent shahrida ichimlik suvi yo‘qotilishi 32 foizni tashkil etgan.  Bu borada, ya’ni toza ichimlik suvi isrof bo‘lishining oldini olish  maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ana shu yo‘qotishning ta’minotchi korxonaga taalluqli qismini kamaytirish maqsadida ichimlik suvini tozalash inshootlarida filtrlash ashyosi (kvars qumi)dan seolitga o‘tkazish boshlangan. Buning natijasida  texnologik suv sarfi 3 barobar kamayib, yilda 15,7 million metr-kub  suvni tejashga erishiladi. O‘z navbatida, umumiy ichimlik suvi yo‘qotilishi 6 foizga qisqarar ekan.  

– Chilonzor suv taqsimlash inshootidagi rezervuar qurilishi yakunlanishi, Sergeli va Olmazor suv rezervuarlarini ta’mirlash tarmoqlardagi ortiqcha bosim va suv yo‘qotishlarni kamaytiradi hamda 1,2 million kVt elektr va 3,1 million metr-kub suv tejaladi, – deydi "Toshkent suv ta’minoti" MCHJ axborot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov. – Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 130 milliard so‘m talab etiladi. Fransiya SUEZ kompaniyasining “Toshkent shahar suv ta’minoti transformatsiyasi rejasi” loyihasi asosida tizimni raqamlashtirish orqali suv yo‘qotish darajasi 12 foizga qisqartiriladi (55,2 mln. metr-kub suv tejaladi). Shuningdek, har yili belgilangan reja asosida eskirgan tarmoqlarning yangilanib borilishi ham ichimlik suvi sarfini kamaytiradi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil boshidan 53,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 38,7 km ichimlik suvi va 20,9 km oqova suv tarmoqlari qurilgan. Natijada 23 mingdan ziyod aholi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmati bilan ta’minlangan. Shuningdek, 32 km ichimlik va 1,8 km oqova suv tarmoqlari kapital ta’mirlangan. 

Ichimlik suvi tarmoqlarini mavsumga tayyorlash bo‘yicha jami 66 ta yirik diametrli yopqich, 6 ta zatvor va 13 ta klapan almashtirilgan.   
Sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish yuzasidan Jamiyatning Mirobod tumanidagi ma’muriy binosi tomiga 100 kVt/soatli, Bo‘zsuv suv inshootiga 40 kVt/soatli quyosh panellari o‘rnatilgan.  

Janubiy suv inshootidagi yangi 3 ta quduqqa 30 kVtli  nasoslar o‘rnatilib,  300 kVtli elektr generatori bilan ta’minlangan. 
Qayd etilishicha, tashkilot faoliyatini yaxshilash, belgilangan reja va loyihalarni amalga oshirishga iste’molchilarning yig‘ilib qolgan qarzdorligi o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ana shu jihatlarni inobatga olib, qarzdorlikni undirish bo‘yicha qat’iy choralar amalga oshirilmoqda.  

Ravshan Yoqubjonovning ta’kidlashicha, “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ debitor qarzdorligi joriy yil 25 sentyabr holatiga 250,7 milliard so‘mni, 28 noyabr holatiga esa 149 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘rilgan choralar natijasida qarzdorlik 101,7 milliard so‘mga qisqartirilgan.  

Debitor qarzdorlikni qisqartirish chora-tadbirlari doirasida qarzini to‘lashni istamagan 11 071 ta abonent ichimlik suvi tarmog‘idan uzilgan. 23 023 ta qarzdor (67,4 milliard so‘m) abonent bo‘yicha Savdo- sanoat palatasiga ariza bilan murojaat qilingan, 3767 ta holat (51,6 mlrd.so‘m) bo‘yicha sudga davo arizasi kiritilgan.  
Shuningdek, tadbirda davlat rahbarining qarorlari ijrosi, qo‘shma loyihalar, “aqlli” suv o‘lchagichlari, tizimni modernizatsiya qilish, boshqaruvni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish hamda yangi oqova suv tozalash inshootlari haqida ma’lumot berildi.  

OAV vakillari sohaga oid savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.  

Nilufar Bozorova, O‘zA  muxbiri