Munosabat
Bugungi global tahdidlar, jadal urbanizatsiya, raqamlashuv va ijtimoiy munosabatlar murakkablashayotgan bir sharoitda jamoat xavfsizligini ta’minlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, poytaxt Toshkentda xavfsiz muhitni shakllantirish nafaqat shahar aholisi, balki butun respublika uchun namuna bo‘lishi lozim.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar sohada mutlaqo yangi bosqich boshlanayotganidan dalolat beradi.

Haqiqatdan so‘nggi yillarda Toshkent shahri respublikamizning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatida sezilarli darajada rivojlandi. Investitsiya oqimi oshdi, xizmatlar sohasi kengaydi, aholi daromadlari o‘sdi. Biroq hayot yaxshilangan sari jinoiy muhit ham shakl o‘zgartirib, yangi xavf-xatarlarni keltirib chiqarayotgani ochiq haqiqat.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “yengil pul topish” ilinjida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar, ayniqsa, iqtisodiy faollik yuqori bo‘lgan hududlarda tez faollashadi. Yig‘ilishda huquq-tartibot tizimi poytaxtdagi bu o‘zgarishlarga to‘liq moslasha olmagani, eski qoliplardan chiqib ketolmayotgani tanqid ostiga olindi. Sababi, tahlillarga ko‘ra, Chilonzor tumani oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilikda, Yunusobod tumani bosqinchilikda, Yashnobod va Mirobod tumanlari esa qotillik holatlarida respublikada yetakchi o‘rinlarda qayd etilgan.
Bu holat jamoat xavfsizligi masalasida qat’iy va tizimli choralar zarurligini ko‘rsatadi. Shu bois, Prezident tomonidan “poytaxt namunasi” sifatida jamoat xavfsizligini ta’minlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi belgilab berildi. Bu tizim ilk bor Chilonzor tumani misolida amaliyotga joriy etiladi.
Ushbu modelning mohiyati barcha kuch va vositalarni yagona boshqaruvga birlashtirish, tezkorlik va javobgarlikni oshirishdir. Xususan, patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlarining 3 smenali, tun-kunlik ish rejimiga o‘tishi, murojaatlarga 5 daqiqa ichida javob qaytarish tizimi joriy etilishi bu fuqarolar ishonchini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Qolaversa, zamonaviy jinoyatchilik shakllari raqamli texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq ekanligini hisobga olgan holda, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil etish, Adliya vazirligida raqamli huquq va kiberjinoyatchilikka ixtisoslashgan tuzilma ochish kabi tashabbuslar bildirildi.
Shuningdek, aholi gavjum joylarda dronlar orqali patrullik kuzatuvi, har bir profilaktika inspektorini raqamli aloqa vositalari bilan ta’minlash, “102” tizimini real vaqtda ishlaydigan servisga aylantirish bularning barchasi xavfsiz muhitni yaratishda zamonaviy yondashuv namunalari sanaladi.
Yig‘ilishda korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash masalalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Sababi, qisqa muddatda 53 trillion so‘m moliyaviy kamchiliklar, 4,2 trillion so‘m korrupsiyaviy zarar aniqlangani davlat boshqaruvida tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi.
Shu bois, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarining joriy etilishi, huquq-tartibot idoralari faoliyatini “huquqiy audit”dan o‘tkazish amaliyoti qonunchilikni takomillashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida aytishim mumkinki, ushbu islohotlarning muvaffaqiyati bevosita qonunchilik bazasining zamon talablariga mosligiga ham bog‘liq. “Huquqni muhofaza qilish faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik va raqamli xavf-xatarlarga oid normalarni aniq belgilash parlament oldida turgan dolzarb vazifalardir.
Umuman olganda, xavfsiz muhit bu – faqat ichki ishlar organlari mas’uliyati emas, balki butun davlat boshqaruvi, mahalla, fuqarolik jamiyati va har bir fuqaroning umumiy ishidir. Prezidentimiz tomonidan belgilangan “poytaxt namunasi” nafaqat Toshkent shahri, balki butun mamlakat uchun zamonaviy, samarali va xalqchil xavfsizlik tizimini yaratishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bu yo‘lda biz, parlament a’zolari o‘z zimmamizga tushadigan mas’uliyatni to‘liq anglagan holda, islohotlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etishga bor kuch va shijoatimizni safarbar etamiz.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA