2023-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab jami 219,1 million tup manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari ekilgan va buning natijasida yurtimizning yashillik darajasi 15,4 foizga yetkazilgan. Ekologik muammolar kun tartibiga chiqayotgan bir paytda yashillikni kengaytirish borasidagi amaliy ishlar e’tirofga munosib. Ammo ijobiy ishlar bilan birga ko‘ngilni xira qiladigan holatlar ham sodir bo‘layotgani, mavjud yashillikka raxna solinayotgani achinarli hol.
Gap shundaki, Yakkasaroy tumani "Yunus Rajabiy" mahalla fuqarolar yig‘inidagi futbol maydoni va yashil hudud o‘rnida bino qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqdagi xabarlar keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi deputatlari ushbu masalaga tezkor e’tibor qaratib, o‘rganish ishlarini olib bordi.

Partiya matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida mazkur hududdagi 30 sotix yer Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan shahar zaxira fondiga kiritilgani, shunga ko‘ra yashil hudud va futbol maydoni joylashgan yer kimoshdi savdosi orqali tadbirkorga sotilgani, tadbirkor u yerda ko‘p qavatli bino qurmoqchi ekani aniqlandi.
Fuqarolar yashil hudud va stadion joylashgan yerni shahar zaxira fondiga olish to‘g‘risidagi hokim qarorini bekor qilish to‘g‘risida sud organlariga murojaat qilishgan. Biroq barcha sud instansiyalarida hokim qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Masalaning boshqa tomoni shundaki, qurilish mo‘ljallangan stadion 7 ming nafar aholi istiqomat qiladigan mahallada yagona hisoblanadi. Yer kodeksi 64-moddasiga muvofiq, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, bog‘lar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek, ariq tarmoqlari egallagan yerlar) aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlari hisoblanadi hamda umumiy foydalanishdagi yerlarda bu yer qaysi maqsadga xizmat qilsa, faqat shunga mos keladigan imorat va inshootlar qurishga ruxsat beriladi.
Qolaversa, Prezidentning 2021-yil 30-dekabrdagi farmoni bilan daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangan. Ushbu hududda esa ko‘plab daraxtlar mavjud.

Yuqoridagilarga asosan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ko‘p qavatli uylar, aholi yashash punktlari yaqinida aholi huquqlarini cheklaydigan, fuqarolarga noqulaylik keltiradigan qurilishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan Toshkent shahar hokimligining ushbu qarorini qayta ko‘rib chiqish va yoshlarning ommaviy sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish lozim deb hisoblaydi. Bu borada partiya va deputatlar tomonidan Toshkent shahar hokimligiga o‘z nuqtayi nazarini bayon etish yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilishi ma’lum qilingan.
Darhaqiqat, yurtimiz hududlarida yashil maydonlarni ko‘paytirish, yashillik darajasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgan bir paytda bu kabi noxush holatlar kishini o‘yga soladi. Ayniqsa, poytaxt atmosferasining kundan kunga yomonlashib borayotgani, bundan aholi, ayniqsa, bolalar aziyat chekayotgani nahotki mutasaddilarni qiynayotgan bo‘lmasa!? Aslida daraxt va butalarni asrash va ularni ko‘paytirish har birimizning vazifamiz bo‘lishi kerak. Shunday ekan, poytaxt mahallasidagi yashil hudud va futbol stadioni saqlab qolinishidan umid qilamiz.
Muhtarama Komilova, O‘zA