Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxt maqomini belgilashga oid qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda
12:02 / 2026-03-05

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlangan edi.  

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham Oliy Majlis palatalari oldiga ushbu vazifa qo‘yilgan.

Shu maqsadda tuzilgan Ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqish va uni takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Qayd etilganidek, ushbu loyihani ishlab chiqishda milliy amaliyot va ilg‘or xorijiy davlatlarning poytaxt maqomini belgilashga qaratilgan tajribasi o‘rganildi.  

Jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlardagi mavjud zamonaviy yondashuvlar tahlil qilindi hamda bir qator normalarni ishlab chiqishda inobatga olindi.

Shuningdek, loyihani takomillashtirish jarayonida poytaxt hokimligining vakillari, ekspertlar va olimlar bilan bevosita hamkorlikda ish olib borildi va ular tomonidan bildirilgan takliflar loyihada o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining huquqiy maqomini belgilash bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar ko‘zda tutilmoqda. Avvalo, poytaxtning alohida ahamiyatga ega ma’muriy-hududiy birlik sifatidagi maqomi qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, poytaxt bilan tutash hududni tashkil etuvchi poytaxt chegarasidan tashqaridagi yerlar bilan bog‘liq masalalarning ham huquqiy asosi mustahkamlanmoqda.  

Poytaxt o‘zining hududiy ramziy belgilariga ega bo‘lishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, poytaxtning vazifalari, ularni amalga oshirishning kafolatlari, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi va Toshkent shahar hokimining poytaxt vazifalarini amalga oshirishdagi vakolatlari qonun loyihasida nazarda tutilmoqda.

Loyihada poytaxtning yagona me’moriy ko‘rinishini shakllantirish maqsadida poytaxt hududidagi qurilish ishlari poytaxtning yagona me’moriy ko‘rinishi va dizayn-kodiga qo‘yilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozimligi belgilanmoqda.

Shu bilan bir qatorda jamoatchilikning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini oshirish maqsadida muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikri hisobga olinishi kerakligi mustahkamlanmoqda.  

Bundan tashqari, poytaxtda transport tizimini samarali boshqarishni amalga oshirish maqsadida Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilishi va uning vazifalarini qonun darajasida belgilash taklif etilmoqda.

M.Komilova, O‘zA