Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar bosh boshqarmasining xabar berishicha, poytaxtdagi ikkita maktabda virusli gepatit bilan kasallanish holatlari qayd etildi.
Qo‘mitaning Mirobod tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan 214- va 65-maktablarda virusli gepatit kasalligi aniqlangani munosabati bilan epidemiologik tekshirish va sanitariya nazorati o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida xodimlar o‘quvchilar va ishchi xodimlarning o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik xulosalari, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi, maktab binosi va sinfxonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi, isitish tizimlari yoqilib foydalanishga topshirilgani, hojatxonalarda gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, qo‘l yuvish moslamalari va oqova suv tizimining soz holatdaligi tekshirildi.
Tekshiruv natijasida maktablarning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Oktyabr oxirida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xodimlari gepatit aniqlangan Bektemir tumanidagi 345-maktab, oktyabr oyi boshida shu tumandagi 290-maktab, shuningdek, Yashnobod tumanidagi 206- va 215-sonli maktablarda tekshiruv o‘tkazgan edi. Sentyabr oxirida bunday holatlar Yashnobod tumanidagi 149- va 198-maktablarda, undan oldin esa 227-maktabda qayd etilgan.
Virusli gepatit beshta asosiy turga bo‘linadi: A, B («sariq»), C, D va E. Gepatit A va E ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali yuqadi, odatda surunkali bosqichga o‘tmasdan kasallikning o‘tkir shakllarini keltirib chiqaradi. B, C va D gepatitlari qon va tana suyuqliklari orqali tarqaladi. C ko‘pincha surunkali bo‘lib, sirroz va jigar saratoniga olib keladi. Gepatit D faqat gepatit B borligida yuzaga keladi. Gepatit A va B ga qarshi samarali vaksinalar, gepatit C ga qarshi esa zamonaviy davolash usullari mavjud.
O‘zbekistonda B va C gepatitlari keng tarqalgan. Ularga qarshi kurashish SSV faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 2016 yilda mamlakatda taxminan 2,5 million gepatit B va 1,3 million gepatit C bilan yashaydigan odam borligi aniqlangan.
O‘zbekistonda virusli gepatit tarqalishiga qarshi kurash choralari ko‘rilmoqda. 2021 yilda gepatit C virusiga qarshi kurash bo‘yicha milliy dastur ishga tushirilgan edi. Uning maqsadi 2030 yilga kelib respublikada gepatit C virusi bilan kasallanish darajasini nolga tushirish.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA