Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxt mahallalari infratuzilmasini yaxshilashga ajratilgan mablag‘lardan qanday foydalanilmoqda?
11:38 / 2023-12-23

Hududlar qiyofasini o‘zgartirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish dolzarb masalalardan biridir. Prezidentimizning 2023 yil 9 fevraldagi tegishli qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrining har bir mahallasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini ta’minlash, mahallalar infratuzilmasini tubdan yaxshilash ishlari uchun 2 milliard so‘mdan ajratish ko‘zda tutilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan ushbu mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini o‘rganish maqsadida Toshkent shahrining Uchtepa tumani mahallalari misolida nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. 

O‘rganishlar davomida qo‘mita a’zolari Uchtepa tumanida joylashgan 228-maktabda o‘rnatilgan quyosh panellari va maktab faoliyati bilan tanishdi. Shu bilan birga, hududda aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

O‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan qo‘mita yig‘ilishida Prezident qaroriga muvofiq Toshkent shahridagi har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan ajratilgan jami 584 milliard so‘m hisobiga amalga oshiriladigan ishlar, shu bilan birga mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha 211 milliard so‘m mablag‘dan o‘z vaqtida va maqsadli foydalanish holati muhokama qilindi. 

Muhokamalarda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mazkur yo‘nalishdagi tizimli muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. 

Xususan, quyosh panellarini o‘rnatish hamda yetkazib berish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan tashkilot tomonidan buyurtmalar o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. O‘rnatilgan quyosh panellaridan foydalanish bo‘yicha to‘liq tushuntirishlar berilmagan. Natijada ularning samaradorligi juda ham past darajada. 

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi. 

Bundan tashqari, qo‘mita a’zolari ayrim mahallalarda qurilayotgan piyodalar yo‘lakchalari holati talabga javob bermasligi, qurilishi tugallanganiga ko‘p bo‘lmagan yo‘lakchalar yaroqsiz holatga kelib qolganini tanqid qildi. 

M.Komilova, O‘zA