Prezident tashrifidan so‘ng...
Mahalladagi ko‘changizning xavfsiz, yorug‘ va o‘zgacha bo‘lishi kayfiyatingizga ta’sir qiladimi? Tungi chiroqlar yorug‘ida farzandining qo‘lidan tutib sayrga chiqqan ota-onani ko‘z oldingizda gavdalantiring. Qahva ichib, chaqchaqlashib o‘tirgan dugonalarning sho‘x kulgusi eshitilib ketsin.
Bu kabi manzaralarni rivojlangan mamlakatlarning dunyo tan olgan filmlarida ko‘rganlar ko‘p. Ha, dunyo tajribasida bunday gastronomik, tunu-kun ishlaydigan ko‘chalar bor. U joylar hamisha gavjum bo‘ladi. Odam bor joyda hayot bor, hayot bor joyda esa iqtisodiy faollik jadal bo‘ladi.
O‘zbekiston poytaxtida ham keyingi yillarda bunday ko‘chalar soni ko‘payib qoldi. Yaqinda ularning qatoriga Yunusobod tumanidagi Rixsiliy ko‘chasi ham qo‘shildi.
Davlatimiz rahbari 16 dekabr kuni shu ko‘chada amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va zamonaviy infratuzilmani ko‘zdan kechirgan edi. Prezident tashrifidan so‘ng ruknining bu galgisi shu maskandan tayyorlandi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda turizm yo‘nalishida ikki mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, o‘tgan yili yurtimizga xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor o‘n million nafardan oshdi. Bu ko‘rsatkich turizm infratuzilmasini shahar va hududlar kesimida tizimli ravishda rivojlantirish zaruratini yanada kuchaytirmoqda. Chunki sayyoh nafaqat tarixiy obidalarni, balki shahar hayotining qulayligi, xavfsizligi va xizmat sifatiga ham e’tibor qaratadi.
Bugungi kunda Toshkent shahrining bir qator hududlarida obodonlashtirish ishlari olib borilib, zamonaviy infratuzilma loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu jarayon xalqaro talablarga javob beradigan “faol shahar makoni” deb ataladigan yondashuv bilan uyg‘un. Barselona, Seul, London va Istanbul kabi shaharlarda shunday ko‘chalarni ko‘rganman deydi shu yerda sayr qilib yurganlar. Ha, bu hudud mahalliy aholi uchun dam olish joyi, tadbirkorlar uchun esa barqaror daromad manbaiga aylanadi.
[gallery-26808]
Mazkur ko‘chada aholi uchun tunu-kun xavfsiz, qulay hamda mazmunli dam olish, sayr qilish va ovqatlanish imkoniyatlari yaratilgan. Bu esa shahar infratuzilmasini odamlar ehtiyojlari asosida rejalashtirishning amaliy namunasidir.
– Prezidentimiz poytaxtda turizm va servis sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda, – deydi Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Doniyor Yusupov. – Rixsiliy ko‘chasidagi bu tajriba poytaxtimizda birinchisi emas. Bundan oldin Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yakkasaroy va Yangihayot tumanlarida bir qator gavjum ko‘chalar zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Ularga tumanimiz aholisi ham havas qilgani rost. Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda 26 ta ko‘chani 24 soat ishlaydigan faol shahar makonlariga aylantirish, shuningdek, tunu-kun xizmat ko‘rsatadigan savdo va servis nuqtalarini mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bu ko‘chada amalga oshirilgan ishlar ana shu keng ko‘lamli ishlarning bir qismi sanaladi. Bu yerda endi sayllar, bayramlar o‘tkazamiz. Umuman, hamisha gavjum va ko‘tarinki kayfiyat hukmron hudud bo‘ladi. Ushbu ko‘chaga yondosh hududlarda beshta yirik mahallamiz joylashgan. Ularda 37 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Demak, amalga oshirilgan har bir o‘zgarish minglab odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘chaning ilg‘or tajribalar asosida modernizatsiya qilinishi aholi kundalik ehtiyojlarini qondirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Xususan, hududning ikki kilometrlik qismida muhandislik va transport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Shuningdek, 24 soat faoliyat yuritadigan savdo, umumiy ovqatlanish hamda ko‘ngilochar ob’ektlar tashkil etildi.
Natijada 650 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu mahalliy aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Tahlillarga ko‘ra, shunday faol shahar ko‘chalari xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlarini eng tez yaratadigan infratuzilma yechimlaridan biri hisoblanadi.
Hududda kuniga o‘rtacha 35 mingga yaqin avtotransport vositasi harakatlanadi. Buni inobatga olgan holda, aholi xavfsizligi va harakat qulayligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Piyodalar yo‘laklari barpo etildi.
Yuzga yaqin videokuzatuv kameralari hamda o‘nga yaqin favqulodda chaqiruv tugmalari o‘rnatilgan. Bu choralar jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lib, ko‘chada odamlar kecha-kunduz erkin harakatlanishi uchun ishonch muhitini yaratadi.
Ko‘cha atrofidagi ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, bank xizmatlari va kichik savdo ob’ektlari, ko‘p qavatli turar joy binolarining fasad qismlari zamonaviy me’moriy talablar asosida ta’mirlandi. Bu esa ko‘chaning umumiy qiyofasini yaxshilash bilan birga, shahar madaniyati va estetikasini ham yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bu tajriba mahalla, servis va transport infratuzilmasini uyg‘un rivojlantirish orqali shahar hayotida yangi ruh paydo bo‘lishini isbotlamoqda. Rixsiliy ko‘chasi misolidagi yondashuv poytaxtning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich keng qo‘llanilishiga ishonamiz.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri