Bu yilgi qish har yilgidan ham sovuq keldi. Yog‘ingarchiliklar tufayli hatto poytaxt ko‘chalari ham talafot ko‘rdi. Ayniqsa, transport ko‘p qatnaydigan ko‘chalarda paydo bo‘lgan katta-katta chuqurlar yo‘l harakatiga va haydovchining kayfiyatiga ta’sir qilishi tabiiy.
Xo‘sh, yo‘llarda paydo bo‘lgan chuqurlarni ta’mirlash bo‘yicha ishlar olib borilyaptimi?
Toshket shahar obodonlashtirish Bosh boshqarmasi yo‘l-ko‘prik bo‘limi yetakchi mutaxassisi Rasul Yo‘ldoshev O‘zA muxbiri savollariga javob berdi.

— Poytaxt ko‘chalaridagi yo‘llarda paydo bo‘lgan chuqurlarni ta’mirlash ishlari qanday olib borilyapti?
—Poytaxt markazida 77 ta ko‘cha bor. Har bir ko‘chada yog‘ingarchiliklar tufayli o‘ziga yarasha chuqurlar, ya’ni yoriqlar hosil bo‘lgan. Bu yoriqlar yog‘ingarchilik asorati hisoblanadi. Chunki suv betonni ham yorib kira olish kuchiga ega. Ob-havo sharoitlaridan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich jamoat transporti qatnaydigan ko‘chalarda hosil bo‘lgan chuqurliklarni joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti.
— Bu yilgi qishdan so‘ng poytaxt ko‘chalarining holati avvalgi yillarga qaraganda qanday?
— Hozirgi kunda poytaxt hududida joylashgan jamoat transporti qatnaydigan ko‘chalarning ahvoli o‘rtacha. Toshkent shahri xududi serqatnov, aholisi oldingi yillarga qaraganda ikki baravarga ko‘paygan, transport qatnovi ham oshgan. Shu sababli yo‘llarda kamchiliklar bo‘lishi tabiiy.

Juda ham e’tiborli haydovchilarimiz bor. Ular yo‘llardagi kamchiliklar haqida darrov bizga e’tiroz bildirishadi. Biz esa muammoni bartaraf etishga harakat qilamiz. Aslida boshqarma mas’ullari tomonidan har bir ko‘cha va bino-inshootlar ko‘rikdan o‘tkaziladi. Aniqlangan kamchiliklar, nuqsonlarni to‘g‘rilash uchun manzilli dastur asosida ishlar amalga oshiriladi.
Ayrim kirish-chiqish ko‘chalarida hosil bo‘lgan katta hajmli chuqurliklar tezlik bilan yamalmasa, transport qatnoviga xalaqit qiladi. Xavfli chuqurlarga vaqtinchalik chegara o‘rnatib qo‘yiladi. Asfalt-beton qorishmasi olib kelingach, yo‘lning yorilgan qismiga yotqizilgach yo‘l ochib yuboriladi.

—Ta’mirlash ishlari qanday vaqtlarda olib boriladi?
—Bu ishlar ob-havo sharoitiga qarab kechasi yoki kunduzi bajariladi. Hozir asosan kunduzi ishlayapmiz. Boshqarma tasarrufida qancha xodim bo‘lsa o‘sha xodimlar guruhlarga bo‘linib ishlashadi. Tozalik ishlariga alohida, avtobus va jamoyat transporti bekatlariga alohida ishchi xodimlar jalb qilinadi. Hamma o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish olib boradi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.