Sir emaski, bugungi kunda texnologiyasiz hech bir sohani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda jahon miqyosida rivojlanib borayotgan kibersport turlari yurtimizda ham keng ommalashmoqda.
Qolaversa, Prezidentimizning “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilingan.
Toshkent shahar ichki ishlar organlarining iqtidorli yosh xodimlarini aniqlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xodimlarning ijodiy, kasbiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xodimlarning o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga, shuningdek zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan ishtiyoqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kibersportning “Counter-Strike 2” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Bellashuvlarda har biri 5 nafar xodimdan tashkil topgan 41 ta jamoa ishtirok etib, g‘oliblik hamda respublika turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun qizg‘in va murosasiz kurash olib bordi.
Yakunda 1-o‘rin Yashnobod tumani IIO FMB jamoasiga nasib etib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik bataloni jamoasi, 3-o‘rinni Mirobod tumani IIO FMB jamoasi egalladi.
G‘oliblar Bosh boshqarmaning tegishli diplom hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Qayd etish joizki, mazkur musobaqa yoshlarni o‘z bilimlarini chuqurlashtirish, zamon bilan hamnafas qadam tashlash hamda o‘z bilim va iste’dodlarini namoyon etishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Jamoa a’zolarining bahslarda katta g‘ayrat va shijoat bilan ishtirok etganidan ham anglash mumkinki, musobaqaga bo‘lgan yondashuv jiddiy va hayajonli tus olgan.
Sherbek Islomov, O‘zA