Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi aholi yashashi uchun qulaylashtirilgani bilan ahamiyatli. Xususan, loyihada shaharning ekologiyasiga katta e’tibor qaratilgan. Yashil hududlar maydoni hozirda 7 ming gektarni tashkil etsa, endilikda 25 ming gektarga yetkazilishi shaharning 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh reja loyihasidan o‘rin olgan.
500 ming aholiga mo‘ljallangan yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. Poytaxtdagi har bir o‘zgarishni fuqarolarimiz ham katta qiziqish bilan kuzatadi. Bu oddiy loyiha emas, turar-joy, infratuzilma, transport yo‘llari hattoki keyingi yillarda inson va tabiat o‘rtasidagi muammolar sabab kuzatilayotgan iqlim injiqliklari uchun yechimlar jamlanmasi.
Xo‘sh, kelajakda Toshkent shahri qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Toshkent Bosh rejasiga ko‘ra, eski shahardagi uy-joylarning taqdiri nima bo‘ladi? ular “snos”ga tushadimi? “Yangi Toshkent” uchun nega aynan mazkur hududlar tanlab olingan?
– Yangi shahar loyihasining strategiyasini ishlab chiqishda infratuzilmalarni o‘rganib chiqdik, – deydi “Toshkentboshplanliti” DUK, shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov. – “Hayot laboratoriyasi” loyihasi ustida 4-5 oydan buyon ishlayapmiz. Bu loyihani 18 oktyabr kuni Prezidentimizga taqdim qildik. Loyiha taqdimotida davlatimiz rahbari o‘zlarining takliflarini ham berdilar. Toshkent shahri atrofida 130 km uzunlikdagi daraxtzor va barcha infratuzilmalarga ega “yashil belbog‘li yo‘l” tashkil qilish masalalari ham o‘rtaga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning boshidan oxirigacha bo‘lgan hududlarini qamrab olgan “Yashil yo‘l” loyihasi taqdimoti ham ma’qul bo‘ldi.
Shaharlar rivojlanib borgani tufayli doimiy ravishda Bosh reja yangilanib borishi kerak. 2022 yilning so‘ngiga qadar Bosh rejaning bir qismini tugatish rejalashtirilgan. Ayni paytda Toshkent shahrining belgilangan chegarasi ichidagi barcha hududlarning loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bosh rejada nafaqat Toshkent chegarasining ichi, balki atrofidagi hududlarning ham rivojlanishi nazarda tutilgan bo‘lib, taxminan 44 ming gektar ajratilgan. “Hayot laboratoriyasi” bosh rejani 4-5 yilga emas, balki 50 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatni inobatga olib ishlab chiqmoqda.
Tasavvur qilaylik, poytaxtning Bosh rejasi 2023 yil oxirida tugatildi. 2024 yilning boshiga kelib, bir yil oldingi ma’lumot eski bo‘ladi. Bu zamon talabiga javob bermaydi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkin, Bosh rejaning asosiy qismi tugatiladi. Umumiy qismi ya’ni vazifasi, binoning balandligi, funksiyasi aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, qaysi hududda qancha turar-joy majmuasi bo‘lishi, qancha savdo majmuasi qad rostlashi belgilab beriladi. Ammo, har besh yilda shu loyiha qayta ko‘rib chiqiladi. Eng muhimi, Toshkent shahrining Bosh rejasi xalqqa ochiq bo‘ladi. Buning natijasida, har kim o‘z hududida kelgusida qanday bino va inshoot qurilishi haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.
Poytaxtimizda 3 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu kamida 1,5 millionta transport ehtiyoji bor degani. Agar shaharga yana turli maqsadlar bilan tashrif buyuruvchilarni inobatga olsak, bu ko‘rsatkich yanada yuqorilaydi. Ayni paytda Toshkent bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar 800 mingtani tashkil etadi. Bu yo‘llar sig‘imidan 3 marta ko‘p. Mashinalar tirbandligining oldini olish uchun jamoa transportini faollashtirish kerak. Toshkent shahrida hozirgi vaqtda jamoat transportidan foydalanish ulushi bor yo‘g‘i 20 foiz, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 80 foizgacha. Avtomobillar sig‘imini yo‘llarga moslashtira olmayotgan poytaxtning og‘rig‘i shunda. Yangi loyihada Toshkent jamoatchilik uchun mo‘ljallangan shahar bo‘lishi kutilmoqda.
– Biz ko‘proq avtomobil uchun emas, jamoat transporti, velosiped, tramvay yo‘llari, metrobus yo‘llarini tashkil qilganmiz, – deydi Saidazim Sharipov. – Loyihada chorrahaga yaqinlashganda faqat jamoat transportini o‘tkazish tizimi mavjud. Keyingi o‘rinda har qanday avtomobillar aholini manziliga yetkazib qo‘yadi. Mazkur loyiha Transport vazirligi bilan hamkorlikda ishlanyapti. Loyiha Toshkent va Yangi Toshkent hududlarini o‘zaro uzviy bog‘lagan holda ishlab chiqildi. Bunda aholi uchun qulay bo‘lgan tezyurar transport vositalarining rejalari joriy etiladi. Bosh rejaga muvofiq, metro, metrobus, tramvaylar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent va “Yangi Toshkent”ni bir-biri bilan bog‘lashda asosiy uchta yo‘nalish: tarixiy, turistik va texnologik bo‘yicha ixtisoslashgan yo‘nalishlar nazarda tutiladi.
– Bosh rejaga ko‘ra, eski shahardagi yakka tartibdagi uy-joylar “snos”ga tushadimi?
– Eski davrda davlat bosh buyurtmachi, bosh quruvchi, bosh loyihacha hisoblangan. Hozirda buni bozor iqtisodiyoti belgilab beradi. Agar uy egasi istamasa, o‘z uyini investorga sotmasligi mumkin. Bosh rejada poytaxtimizning eski shahar tarixiy hududini “snos”ga tushirmadik. Albatta, tarixiy shaharda yashaydigan aholi ham yashash sharoiti qulay bo‘lishini xohlaydi. Kimdir uyini almashtirishni, kimdir yangilashni istaydi. Shuning uchun, eski shahar hududidagi fuqarolar xohlagan investorga uyini sotishi mumkin. Shuni ham aytish joiz, investorga talab qo‘yiladi. Ya’ni, u eski shahar muhitini buzmasdan qurilishni amalga oshirishi kerak. Mana shu shart asosida investor xohlagan turdagi binosini qurishi mumkin.
Ammo mas’ul “Yangi Toshkent” va Toshkentni bog‘lovchi yo‘llar qurilishi bir muncha “snos”larga sabab bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmaydi. Faqat bunda kompensatsiya kafolati borligini eslatib o‘tdi.
– Toshkent yashil shahar, ammo bu yashillik bir qarashda ko‘zga tashlanmaydi, – deydi turkiyalik loyihachi Farrux Go‘ksu. – Qolaversa, uning havosida tuz bor. Bu omillarni hisobga olgan holda shaharning atrofida yashil qobiqni barpo etishni rejalashtirganmiz. Yashil qobiq yoki halqa ham tuzni kamaytiradi, ham mo‘’tadillikni ta’minlaydi. Qolaversa, poytaxt yanada ko‘rkamlashadi. Shu boisdan 130 kilometr uzunlikda “Yashil makon” loyihasini boshladik. Zotan Yevropada va boshqa davlatlarda bu kabi loyihalar amalga oshirilgan. Bu loyihamizni O‘zbekiston Prezidenti yuqori baholadi. Maydon bo‘ylab millionlab daraxtlar ekiladi. 2023-2025 yillar orasida barcha daraxtlarni ekib bo‘lishni rejalashtirganmiz. Shu tarzda shaharda hayot yanada qulayroq va xavfsiz bo‘ladi.
Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Ya’ni Prezident aytganidek, Toshkent rivojlanishda davom etadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA