Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxt birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi kuzatildi
18:01 / 2026-02-12

2026-yilning yanvar oyi uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasi bo‘yicha tahlil taqdim etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ushbu tahlilida qayd etilishicha, yanvar oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 28,6 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bitimlar soni qariyb 12 foizga oshdi.

Yil boshidan buyon ko‘chmas mulk savdolari dinamikasi respublika hududlarida ijobiy tendensiyalarni namoyon etmoqda. Respublika ko‘chmas mulk bozorining qariyb uchdan bir qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, savdolar hajmi 33,4 foizga oshdi. Bu esa respublikaning barcha hududlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Shuningdek, Samarqand (26 foiz) va Sirdaryo (24 foiz) viloyatlarida ham bitimlar sonining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx bir oyda 0,9 foizga oshdi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar o‘sishi 8 foizni tashkil etdi.

Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi. Bu hududlarda uy-joy narxlarining o‘rtacha o‘sishi qariyb 24 foizni tashkil qildi. Shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham narxlar 16 foizga oshdi.

Yanvar oyida Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida 1 kv. metr uchun o‘rtacha narxi qariyb 1120 dollarni tashkil etdi va oylik hisobda 0,6 foizga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2 foizga o‘sdi.

Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirobod (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha narx 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.

Yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv. metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga yuqori.

Ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobod, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rtacha 11 dollar atrofida.

Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish sur’atlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil etdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA