Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxt aholisi bir kunda qancha miqdorda chiqindi chiqaradi ? (video)
18:21 / 2022-07-07

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida 7 iyul kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i bilan “Atrof-muhit ozodaligiga kim javobgar?” mavzusida o‘tkazilgan ovozli chatning matn hamda videohavolasini taqdim etamiz.

Mavzu yuzasidan kuzatuvchilarning savollariga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev javob berdi. 

– Bir kunda poytaxt aholisi tomonidan qancha miqdorda chiqindi chiqadi va ular qayerlarga olib borib tashlanadi? 

– Toshkent shahrida sanitar tozalash korxonalari faoliyat yuritadi. Eng yirik sanitar tozalash korxonasi bu “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi hisoblanadi. Yigirmadan ortiq xususiy sanitar tozalash korxonalari bor. Ushbu sanitar tozalash korxonalari tomonidan bir kunda o‘rtacha 2 ming tonna atrofida aholidan va yuridik shaxslardan maishiy chiqindilar olib chiqib tashlanadi. 

Toshkent viloyatida joylashgan bir qancha poligonlar bor. Ulardan eng yirigi Ohangaron tumanida joylashgan 60 gektarli sanitar poligoni. Undan tashqari chiqindilar Qibray hamda Yangiyo‘l tumanida joylashgan kichikroq poligonlarga ham olib boriladi. Toshkent shahrida 3 ta  chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi bor. Ushbu stansiyalarga yig‘ilgan chiqindilarning yaroqlilari ajratib olinib, qolgan qismi katta xajmdagi texnikalarga qayta joylanadi va  asosiy poligonlarga yuboriladi.    

– Toshkent shahri bo‘yicha ko‘cha va xiyobonlarda nechta chiqindi tashlash qutilari mavjud?

– Chiqindi tashlash qutilarining hisobi yuritilmagan. Chiqindi tashlash uchun ikkita, ya’ni chiqindi tashlash konteynerlari va urnalari bor. Chiqindi konteynerlari chiqindi yig‘ish maydonlarida  1.100 litrli, 600-700 litrli hajmda bo‘ladi. Bular chiqindi yig‘ish maydonlaridagi modullarga o‘rnatiladi. Chiqindi yig‘ish maydoni qurish imkoniyati yo‘q joylarda esa konteynerlarning o‘zi qo‘yiladi. Bunday maydonlarimiz Toshkent shahrida 500 ga yaqin.  Har birida o‘rtacha 4 tadan 6 tagacha chiqindi konteynerlari o‘rnatilgan. 

Chiqindi urnalari esa bog‘, do‘kon, bozor yoki biror ma’muriy bino egasining mas’uliyati hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 787-sonli  qarori bilan sanitar ob’ektlarni tasarruf etish tartibi belgilangan. Ushbu tartibga muvofiq, har bir hududni egasi, o‘zining hududida tozalikni saqlashga mas’ul. Shu hudud egalariga chiqindi quti bilan ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan me’yor bor. Misol uchun, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘lagida bittadan, tashkilotlar, shuningdek, savdo kirish-chiqish binolarining yo‘lagida 1-2 tadan, metro yer osti, yer usti o‘tish joylarining o‘tish yo‘lagida 2 tadan, aholining maishiy ehtiyojlari, xordiq chiqarishni qondirish uchun mo‘ljallangan ob’ektlarda, madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon, massivlar, xiyobonlarning har 800 metr kvadrat maydonida 1 tadan, yo‘laklar va yo‘laklar chizig‘i bo‘ylab bir-biridan 40 metr uzoqlikda chiqindi urnalari o‘rnatiladi. 

Bozorlar va savdo ob’ektlarida, gipermarketlarda har 250 kvadrat metr maydonda bitta, jamoat yo‘lovchi transport bekatlarida 1 yoki 2 tadan, avtoturargohlarda 1 yoki 2 tadan, davolash muassasalari va hovli hududida 700 metr kvadratda 1 donadan, plyajlarda 800 kvadrat metr maydonda 1 tadan, magistral ko‘chalarning piyodalar zonasida, piyodalar serqatnov joylarida har 50 metrdan oshmagan joyda 1 tadan o‘rnatish tartibi belgilangan.    

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MS64xNXqrFs" title="POYTAXT AHOLISI TOMONIDAN BIR KUNDA QANCHA CHIQINDI YIG‘ILADI?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova,  
Yo.Meliboyev (video) O‘zA