Buxoro viloyatidagi diniy soha vakillari o‘rtasida “Viloyat hokimi sovrini uchun” “Zakovat” intellektual musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Buxoroda ilk bor takomillashtirilgan formatda tashkil etilib, uning asosiy maqsadi diniy sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislarning bilim darajasini oshirish, fikrlash madaniyatini rivojlantirish va ilmiy salohiyatni mustahkamlashdir.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, ishtirokchilarga samimiy tabrik va tilaklar yo‘lladi. U o‘z nutqida bunday tanlovlar nafaqat bilim sinovi, balki soha vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada kuchaytirish vositasi ekanini ta’kidladi.

Tanlov ishtirokchilariga diniy, ma’rifiy, tarixiy va umumiy bilimlarga oid savollar taqdim etildi. Vijdon erkinligi, konsepsiya, dunyoviylik, jadidlar hayotiga oid intellektual bellashuv haqiqiy ilm va tafakkur bayramiga aylandi. Qizg‘in bahslarga boy jarayonlarda ishtirokchilar o‘z zehn-zakovati, mantiqiy salohiyati hamda jamoaviy hamkorligini namoyon etdi.
– Bunday tadbirlar yoshlar va ziyolilar orasida bilimga muhabbat uyg‘otish, tafakkurni chiniqtirish hamda aqlni sinashning ajoyib vositasi bo‘ldi, – deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov.
Buxoro viloyati hokimining kubogi o‘z bilimi bilan ajralib turgan “Poykandiy” jamoasiga nasib etdi.
G‘oliblarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.