Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchi tashish vagonlariga konditsionerlar o‘rnatish masalasi ko‘p muhokama qilinmoqda. Bunga asosiy sabab, tabiiy issiqlik vagonlarning sovitish tizimida uzilishlarni keltirib chiqarmoqda.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» rahbariyati yurtdoshlarimizdan ushbu masalaga befarq bo‘lmaganliklari uchun minnatdorchilik bildiradi hamda yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi.
"Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi" jamiyatidan xabar qilishlaricha, ushbu noqulaylikni hal qilish, yo‘lovchi poyezdlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi X. Hosilov boshchiligida ishchi komissiya «Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi»da bo‘ldi.
Tashrif davomida mavjud muammolarni hal qilish masalasi muhokama qilindi va chora-tadbirlar belgilab olinib, tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Xususan, poyezd o‘z manziliga ketishidan oldin 40 daqiqalik vaqt oralig‘ida lokomotivni yo‘lovchi vagonlaridan uzib qo‘yishga qaror qilindi. Bu esa o‘z navbatida yo‘lovchi vagonlarining elektrsiz turish vaqtini kamaytiradi. Chunki, konditsioner tizimi lokomotivsiz ishlamaydi.

Bundan tashqari, yo‘l davomida yo‘lovchilarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida har bir yo‘lovchi vagonlari tarkibiga tibbiyot xodimlarini biriktirish vazifasi qo‘yildi. Aytish joizki, poyezdlarda tibbiyot xodimlari bilan bunday amaliyot boshqa mamlakatlarda qo‘llanilmaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, vagonlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni modernizatsiya qilish belgilangan tartibda va tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kun davomida (joriy yilning 5-6 iyun kunlari) ishonch telefoniga 3000 dan ortiq murojaat kelib tushgan (1005). Shulardan faqat ikkita qo‘ng‘iroq poyezdning konditsioner tizimidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, 5 ta qo‘ng‘iroq qiluvchilar ishonch telefoni operatori javob berguniga qadar rad etilgan.

Qayd etish kerakki, bugundan boshlab "Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi" direktori va uning o‘rinbosarlari yo‘lovchi poyezdlarida tekshiruv safarlarini o‘tkazib, vagonlarda konditsioner tizimi ishlashini nazorat qiladi.
O‘zA