Afsuski, jamiyatimizning turli sohalarida va’dabozlikni o‘ziga kasb qilib olgan, yolg‘on bilan non topib, ro‘zg‘or tebratayotganlar ham uchrab turadi.
Bugun O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga turli qurilish korxonalarining yolg‘onlari qurboni bo‘layotgan yurtdoshlarimiz murojaatlari ko‘paymoqda.
Namangan shahar, «Obi hayot» MFY yashovchi Husan Mirzayev ham O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga xuddi shunday muammo bilan murojaat qilgan.
Murojaatda aytishicha, u o‘z mahallasida joylashgan, hozirda o‘zi istiqomat qilayotgan uyni 290.000.000 million so‘mga xarid qilgan. Mazkur xonadon Namangan shahridagi «San Tex Polimer» xususiy korxonasi tomonidan qurib bitkazilgan. Biroq fuqaro yangi uyning qurilish ishlari yakuniga yetkazilmasdan topshirilganidan norozi bo‘ladi. Holat Namangan shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Natijada, quruvchilar tomonidan uyning qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan qismi to‘liq yakunlanib, murojaatchiga topshirildi. Jizzax shahrida yashovchi Sherzod Mamadiyev ham “Sangzor dizayn qurilish” MCHJdan norozi bo‘lib, Jizzax viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qoldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi “Sangzor dizayn qurilish” MCHJ tomonidan qurilayotgan uylardan birini xarid qilish uchun 96 867 000 so‘m to‘laydi. Yangi uy esa 2021 yilda foydalanishga topshirilishi lozim edi. Ammo, bugunga qadar qurilish ishlari yakunlanmagan va uydan hanuz darak yo‘q.
Afsuski, Jizzax viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlarining ham qurilish korxonasi mas’ullariga qilgan tushuntirishlari besamar ketdi. Shundan so‘ng, Jamiyat bu masalani sudga oshirdi. Jizzax viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sudda iste’molchining huquqini imkon doirasida himoya qildi.
2022 yil 16 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudi iste’molchining foydasiga uy uchun to‘lagan puli va ma’naviy zarar uchun 11 315 250 so‘m penya undirib berilsin, deya qaror chiqardi.
Bugun qurilayotgan uyini kutayotganlar, yoki endigina ko‘chib o‘tgan uyida bir dunyo muammolarga duch kelayotgan iste’molchilarimiz ko‘p. «Mendan ketguncha, egasiga yetguncha...» qabilida ish qilayotgan qurilish korxonalari ko‘payib ketgani ham sir emas. Uy bu-Vatan. Unda inson yangi avlodni voyaga yetkazadi. Har bir go‘dak xavfsiz, chiroyli, barcha sharoitlarga ega uyda o‘sib-ulg‘ayishga haqli. Har bir inson o‘z uyida xotirjam, halovatda yashash huquqiga ega...
Shuningdek, har qanday biznesning rivoji ham iste’molchilarning ishonchi bilan belgilanishi bugun ayon bo‘lgan haqiqat emas!
O‘zA