2025 yil O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari muomalasida sifat va xavfsizlikni ta’minlash borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Davlat tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaliyotga joriy etilishi natijasida nazorat tizimi faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, balki mahsulot muomalaga chiqqanidan so‘ng ham uning xavfsizligini baholashga qaratilgan mexanizmlar bilan boyitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, 2025 yil yanvar oyidan boshlab farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati amaliyotga joriy etildi. Mazkur yangilik davlat siyosatidan nazoratning reaktiv emas, balki profilaktikaga asoslangan modeli ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatdi.
Hisobot yili davomida jami 30 ta postmarketing nazorati tadbiri o‘tkazildi. Ulardan 10 tasi rejali, 20 tasi esa rejadan tashqari bo‘lib, fuqarolar murojaatlari hamda ommaviy axborot vositalarida keltirilgan ma’lumotlar asosida amalga oshirildi. Bu holat jamoatchilik signallari va davlat nazorati o‘rtasida samarali muloqot shakllanayotganidan dalolat beradi.
Nazorat tadbirlari doirasida 366 ta dorixonadan 425 nomdagi 3 390 qadoq farmatsevtika mahsulotlari xarid qilinib, tegishli laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. Sinov bayonnomalari va hujjatlar tahlili natijasida 26 nomdagi farmatsevtika mahsuloti amaldagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq ekani aniqlandi. Ularning 16 tasi dori vositalari, 10 tasi esa tibbiy buyumlarni tashkil etdi.
Muhimi, nomuvofiq mahsulotlar aniqlangach, davlat nazorati faqat qayd etish bilan cheklanib qolmadi. Aholi salomatligiga ehtimoliy zarar yetkazish xavfining oldini olish maqsadida ushbu mahsulotlarni tibbiyot amaliyotida qo‘llashni to‘xtatish, muomaladan chiqarish hamda belgilangan tartibda yo‘q qilish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi korxonalarga aniq muddatlar belgilangan holda ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, aniqlangan nomuvofiqlik holatlarining sabablari va ehtimoliy oqibatlaridan kelib chiqib, huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga tegishli xulosalar taqdim etildi. Bu esa farmatsevtika bozorida qonun ustuvorligi va mas’uliyat tamoyillari davlat siyosati darajasida ko‘rilayotganini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, 2025 yilda postmarketing nazorati mexanizmini joriy etish orqali farmatsevtika mahsulotlari muomalasida sifat va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yangi, samarali va tizimli nazorat modeli shakllantirildi. Ushbu yondashuv dori vositalarini tartibga solishda davlat nazoratining imkoniyatlarini kengaytirib, aholi salomatligini himoya qilishda muhim institutsional qadam bo‘ldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA