Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Posboniman muqaddas yurtning” shiori ostida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi
12:00 / 2025-12-29

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida harbiy xizmatchilarning fikrlash qobiliyatini yuksaltirish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish maqsadida “Posboniman muqaddas yurtning” shiori ostida “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi hikoya” va “Eng yaxshi insho” yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlov tashkil etildi.

Mazkur tanlov harbiy xizmatchilar o‘rtasida badiiy tafakkurni rivojlantirish, ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirda okrug tasarrufidagi harbiy qism va bo‘linmalardan faol, ijodkor va tashabbuskor harbiy xizmatchilar ishtirok etib, o‘zlarining badiiy va publitsistik ishlari bilan qatnashdilar.

Ko‘rik-tanlov davomida taqdim etilgan she’r, hikoya va insholarda yurt tinchligi, Vatan himoyasining muqaddasligi, harbiy burchga sadoqat, ota-onaga hurmat, xalqimizning boy tarixi va bugungi taraqqiyoti kabi mavzular keng yoritildi. Asarlarda harbiy xizmatchilarning ichki kechinmalari, xizmat jarayonidagi mas’uliyat hamda kelajakka bo‘lgan ishonch tuyg‘ulari ham o‘ziga xos badiiy ifodasini topdi.

Tanlov hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ishlarida mavzuning ochib berilishi, badiiy mahorat, fikrning ravonligi, mantiqiy izchillik va ijodiy yondashuv kabi mezonlar asosida baholash ishlari olib borildi. Ayniqsa, yosh harbiy xizmatchilarning ijodiy ishlari mazmunan boyligi va samimiyligi bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan mas’ullar bugungi kunda Qurolli Kuchlarda nafaqat jismoniy va jangovar tayyorgarlik, balki ma’naviy-ruhiy barkamollik ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Harbiy xizmatchilarning ijod bilan shug‘ullanishi ularning fikrlash doirasini kengaytirib, xizmatga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishi qayd etildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.  

“Posboniman muqaddas yurtning” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu ko‘rik-tanlov Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida harbiy xizmatchilarning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy dunyosini boyitish va Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri