Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Port nazorati" guruhlariga narkotiklarni tezkor aniqlashga mo‘ljallangan texnik vositalar topshirildi
10:35 / 2025-06-03

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Jahon bojxona tashkiloti va Interpolning Piyodalar va konteynerlar tashuvini nazorat qilish global dasturi doirasida respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan bir qator "Port nazorati" guruhlariga bojxona nazoratining texnik vositalarini topshirish-qabul qilish tadbiri o‘tkazildi.  

Tadbirda BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish Milliy markazi, Bojxona qo‘mitasi, AQSH va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari ishtirok etdi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Bojxona qo‘mitasi Piyodalar va konteynerlar tashuvini nazorat qilish global dasturida 2014 yildan buyon faol ishtirok etib kelmoqda. Dastur doirasida hozirda respublikadagi “Yallama”, “Olot”, “Chuqursoy texnik idora”, “Ayritom” chegara bojxona postlari va “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida “Port nazorati guruhlari” tashkil etilgan.  

Mazkur guruhlar tomonidan birgina 2024 yilda 252 litr metamfetamin sintetik narkotik moddasi, 7,9 kg gashish, 3,4 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda 3,3 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi oldi olingan.  

Bu gal taqdim etilayotgan texnik vositalar tarkibida narkotiklarni tezkor aniqlashga mo‘ljallangan qurilmalar, videoendoskoplar va kompyuter jamlanmalari mavjud bo‘lib, ular tashqi savdo yuklarining bojxona nazoratini amalga oshirish davomida giyohvandlik vositalarini aniqlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Mazkur texnik vositalar Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi, “Elektron tijorat va “Termiz xalqaro savdo markazi” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlariga taqdim etilishi nazarda tutilmoqda.  

Bugungi uchrashuv bojxona organlarining texnik salohiyatini yanada kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda umumiy sa’y-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish yo‘lida muhim bosqich hisoblanishi qayd etildi.  

Yana bir ma’lumot, Piyodalar va konteynerlar tashuvini nazorat qilish global dasturi qonuniy savdoga to‘siq bo‘lmagan holda bojxona nazorati tartib-taomillarini samarali amalga oshirishga qaratilgan maqsad va vazifalarni o‘zida jamlaydi.  

Tadbir yakunida Global dastur va Bojxona qo‘mitasi vakillari texnik vositalarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasini imzoladi.  

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA