Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Xususan, jinoyatdan jabrlangan bolalar huquqlarini himoyalash, bolalarni jinoyat protsessiga guvoh sifatida jalb etishda ularning huquqlarini kafolatlash tizimini takomillashtirish talab etiladi.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga bolalarni jinsiy zo‘ravonliklardan himoyalash, bolalar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni saqlaganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ushbu harakatlarni 1 yilda takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash ko‘zda tutilmoqda. Pornografik mahsulotlarni tarqatganlik uchun 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanmoqda.

Voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili instituti joriy qilinmoqda. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish muddatlarini aniq belgilovchi o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini bir kunda so‘roq qilish davomiyligi uning yoshi va holatidan kelib chiqib belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bu BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining tavsiyalariga asosan belgilanmoqda.
Shuningdek, aliment to‘lamasdan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning reyestrini yuritish masalasi o‘z aksini topmoqda.
Qayd etildiki, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalar huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, ularining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA