Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Porloq kelajakni qurishda yoshlar hal qiluvchi ahamiyatga ega
22:07 / 2022-05-10

Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda tinchlik va birdamlik qadriyatlariga bag‘ishlangan Yevropa kuni nishonlandi. Har yili o‘tkaziladigan mazkur tadbir Yevropa Yoshlar yili doirasida ham Yevropa, ham mamlakatimiz yoshlarining ushbu qadriyatlarni mustahkamlashdagi muhim roliga e’tibor qaratadi.

- O‘zbekiston aholisining yarmini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi, - deydi Yevropa Ittifoqi mamlakatimizdagi delegatsiyasi elchisi Sharlotta Adrian. - Shu bois mamlakatingizda yoshlarning o‘qishi, ta’lim olishi va jamiyatda munosib o‘rnini topishi masalalariga davlat siyosati darajasida qaraladi. ­Ular o‘z ijodkorligi, innovatsiyalari, resurslari va xayrixohligi bilan jamiyat taraqqiyotiga, mamlakat rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Har bir mamlakat kelajagining garovi, tinch, porloq hayotning umid chirog‘i bo‘lmish yosh avlod mavjud imkoniyatdan keng foydalanishlari zarur. Yoshlar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning atrof-muhit va inson huquqlari muhofazasi, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash singari turli yo‘nalishlarida faolik ko‘rsatayotganini mamnuniyat bilan qayd etmoqchi edim. Qolaversa, ayni jarayonda yoshlarning qaror qabul qilishda ishtirok etishi, mamlakat ijtimoiy hayotining oldingi saflarida bo‘lishi ham juda muhim.

Tadbirda Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston hamkorligi doirasida hayotga joriy qilinayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Ayni jarayon mamlakatimiz yoshlarining Yevropa hamjamiyati, jumladan, yoshlari hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berayotgani ta’kidlandi. Yoshlar so‘nggi 30 yil ichida jamiyat taraqqiyotida asosiy o‘rin tutayotgani, kelajakda ham bu borada munosib mavqega ega bo‘lishda davom etishi ta’kidlandi.

Delegatsiya tomonidan Yevropa kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlarini Yevropa Ittifoqi qadriyatlari va imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumot olishga chorlash maqsadida may oyi davomida bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Masalan, 10-14 may kunlariga belgilangan Erasmus+ haftaligi mamlakatimizda YeI tomonidan taklif etilayotgan oliy ta’lim sohasida hamkorlik va almashinuv imkoniyati haqida batafsil ma’lumot beradi. Oliy o‘quv yurtlarida bir qator ta’lim va almashinuv dasturlariga start beriladi. Tinglovchilar Yevropa universitetlari bilan hamkorlik va individual qisqa muddatli mobillik uchun grantlar, magistratura va doktorantura uchun stipendiyalar olish tartibi bilan tanishadilar.

10-27 may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi dunyosini kashf eting”, nomli viktorina esa radiokanallarning birida yoshlarni YeI a’zosi bo‘lgan 27 davlat bo‘yicha bilimini sinab ko‘rishga chorlaydi. G‘oliblarni turli sovg‘alar bilan taqdirlash rejalashtirilgan.

17 may kuni musiqa ixlosmandlari O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga taklif etiladi. Polshalik jahonga mashhur pianinochi Voysex Valechek Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri bilan birgalikda “Yevropa tinchlik va birdamlik kuni” nomli klassik musiqa konsertini namoyish etadi. Konsert tomoshabinlar uchun bepul.

19-26 may kunlari poytaxtimizdagi Fotosuratlar uyida “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash: Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligi siymolari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada YeI bilan hamkorlik qilayotgan yoshlarning fotosuratlari, fikrlari taqdim etiladi. Shuningdek, YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar mamlakatdagi yoshlarning malakasi, inklyuzivligi, farovonligi va huquqiy bilimini oshirishga qanday hissa qo‘shayotganini ko‘rsatadi.

Yevropa kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Robert Shumanning 1950 yil 9 mayda Yevropa Ittifoqi tuzilishiga sabab bo‘lgan tarixiy ta’sis nutqi - “Shuman deklaratsiyasi” imzolanishi munosabati bilan har yili nishonlanadi. Endilikda Yevropa tinchligi va birdamligi haqidagi ushbu nutq har yili nishonlanadigan Deklaratsiyaga aylangan. Bugun Yevropa kuni butun Yevropada, barcha hamkor mamlakatlarda yillik ramziy bayram sifatida nishonlanmoqda.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri