Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo‘lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba’zida faqat ma’lum shaxslarga yetsa, ba’zisining zarari keng ko‘lamli bo‘lib, butun jamiyatga salbiy ta’sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri korrupsiya – poraxo‘rlikdir.
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o‘zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: «Mol (va boylik) laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!» (Baqara surasi 188-oyat). Bu oyat zamirida o‘g‘rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, shu bilan birga, poraxo‘rlik bilan o‘zgalarning mollarini o‘zlashtirish haromligi yotadi.
Hadisi sharifda «Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la’nati bo‘lsin», – deyilgan. Boshqa bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o‘rtasidagi vositachi ham la’natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o‘rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir. Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: «Payg‘ambarimiz alayhissalom u kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!» deyishsa: «Ha, haqiqatan u mollar Payg‘ambarimiz alayhissalomga hadya bo‘lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg‘ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo‘lgan. Bizga esa boshliq bo‘lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo‘ladilar», – dedilar.
Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo‘rlik va shunga o‘xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo‘lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi zanjir singari bog‘lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so‘rasa, gohida biz o‘zimiz ularga sovg‘a taklif qilamiz, o‘zimiz ularni shunga o‘rgatamiz va loyiq bo‘lmagan o‘ringa yoki narsaga erishmoqchi bo‘lamiz. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo‘lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo‘lishi bayon qilingan.
Korrupsiya – poraxo‘rlik haqida so‘z borarkan, ta’magirlik haqida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. «Tama’» deb birovdan bir narsa umidvor bo‘lishga aytiladi. Tani joni sog‘-salomat, ishga yaraydigan kishilarga tama’ qilish haromdir. Tama’ balosiga giriftor bo‘lgan kishilardan nomus va hayo sifatlari ko‘tariladi. Hozirgi kunda tama’ bilan qorin to‘yg‘azadigan kishilar ko‘paygani achinarli hol. Ta’magirning ko‘zi dunyo moliga to‘ymaydi. Ulug‘lar aytadilarki, ta’magirga bir vodiy tillo berilsa ham yana bir vodiy bo‘lsaydi deb noshukurlik qiladi. Bu haqida So‘fi Olloyor shunday bayon qilganlar:
Tamalik siyladin behdur siylangan,
Tilangandin erur ortiq – tilingan.
Emaklab ketsa, tushsa et bila po‘st,
Tama qilma kishidin to‘sha, ey do‘st!
Ma’nosi shuki, ta’magirlik bilan bir suruv qo‘y olgandan ko‘ra, yelkaga musht urganlari afzaldir. Tilanchi bo‘lib yurgandan eski kiyimlarda tilinib yurgan yaxshi. Ey birodar! Emaklab, teriyu eting tushib ne mashaqqatlar ichida yurgan bo‘lsangda, odamlardan garchi birgina luqma bo‘lsa ham tama’ kutma!
Bugun moddiy manfaat uchun, mansab uchun, yo‘qchilikdan qo‘rqib, odamlarning hurmat va e’tiboridan qolishdan ko‘ra, o‘zlariga ta’mani joiz ko‘rganlardan ta’bi xira bo‘ladi kishining. Yana bir holat borki, bu millatning oyog‘iga bolta uradi, uning ma’naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta’lim sohasidagi poraxo‘rlikdir. Chunki bilimdon o‘qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta’lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga o‘qishga kirishga kelganda yana poraxo‘rlik bo‘lib, bilimdon qolib, nodon o‘qishga kirib ketsa, o‘z-o‘zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo‘qoladi.
Shunday ekan, bugun har birimiz yurt ravnaqi yo‘lida halolu pok yashashga intilishimiz, har qanday harom va shubhali luqmalardan, poradan o‘zimizni saqlashimiz darkor. Alloh taolo barchamizni o‘z nafsimizga yengilib qolishdan, mol-dunyoga bo‘lgan ochko‘zlikdan asrasin.
Ubaydulloh ABDULLAEV,
Farg‘ona viloyati
bosh imom-xatibi