Poraxo‘rlik – jamiyatni tanazzulga olib boradigan eng xavfli illatlardan biri. Chunki pora tufayli malakasiz o‘quvchi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirsa, bilimsiz va layoqatsiz kadrlar rahbarlik lavozimlarini egallasa, aynan o‘sha yerda rivojlanish emas, tanazzul yuz beradi.
Pora evaziga o‘qishni bitirgan shifokor, haydovchilik guvohnomasini olganlar odamlar hayotiga zomin bo‘lishi turgan gap.
Shuning uchun ham bu illatga qarshi kurashish juda dolzarb. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti organlari xodimlari pora bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, bunga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, Jinoyat kodeksining 210-moddasi “Pora olish” deb nomlangan bo‘lib, bu jinoyatga qo‘l urganlar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish takroran, xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda, ta’magirlik yo‘li bilan, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Departamentning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Q.X. elektr energiyasidan 779 million so‘m qarzdorligi sababli tarmoqdan uzilgan “A.B.” fermer xo‘jaligini elektr tarmog‘iga besh kun muddatga qayta ulab berish evaziga ushbu fermer xo‘jaligi rahbari A.B. dan 5 million so‘m pora talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bo‘lim boshlig‘i 2023-2024 o‘quv yili uchun qabul komissiyasi mas’ul kotibi A.O‘. fuqaro J.S.ni ushbu institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSH dollari pora talab qilib, shundan 4,8 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA