Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pora olayotgan paytda qo‘lga tushishdi
14:18 / 2026-03-02

Jizzax viloyatida “suv qudug‘idan foydalanishga ruxsat” berishni va’da qilib, pora talab qilgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, “Jizzax suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining abonentlar bilan ishlash bo‘limida faoliyat yurituvchi ikki inspektor — P.K. hamda T.T. Sharof Rashidov tumani hududida jamiyat balansida bo‘lgan artezian qudug‘idan hech qanday hujjatlarsiz foydalanish uchun fuqaro K.S.ga ruxsat berishni va’da qilgan. Buning evaziga ular 5 million so‘m miqdorida pora talab qilishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur noqonuniy harakatlar filial bosh muhandisi ko‘magida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Fuqaro tomonidan tegishli idoralarga shikoyat arizasi va audioyozuvlar taqdim etilgan. Taqdim etilgan materiallar atroflicha o‘rganilib, holatda jinoyat alomatlari mavjudligiga huquqiy baho berilgan.

Joriy yilning 17-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar 5 million so‘mni olayotgan vaqtlarida jinoyat ustida qo‘lga tushishdi.

Mazkur holat ayrim mansabdor shaxslar xizmat vakolatini shaxsiy manfaat yo‘lida suiiste’mol qilishga urinayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Vaholanki, suv ta’minoti kabi ijtimoiy ahamiyatga ega sohada shaffoflik va qonuniylik tamoyillari so‘zsiz ta’minlanishi shart.

Qonun ustuvorligi ta’minlanayotgan sharoitda xizmat mavqeidan foydalanib, fuqarolardan noqonuniy ravishda pul talab qilishga mutlaqo o‘rin yo‘q. Hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri