O‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan Sirdaryo viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektoriga 500 ming so‘m pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Bu haqda Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Poraxo‘rlik, ya’ni bugungi zamonimizga moslab aytganimizda – korrupsiya, yurtimizda juda qadimdan qoralanib kelgan ekan. Necha asrlardan beri ota-bobolarimiizdan bizgacha yetib kelgan, pora olganning bir yuzi qora, pora berganni ikki yuzi qora bo‘ladi, degan hikmatli so‘zlari bugunga kelibgina qonunlarimizda o‘z inikosini topdi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Hatto, bundan 4-5 yil muqaddam ham pora olgan shaxs – aybdor, ya’ni jinoyatchi sanalib, shu porani bergan kimsa esa jabrlanuvchi hisoblanib kelgan.

Korrupsiya – har qanday jamiyatni tanazzulga yuz tutishiga asosiy sababchi bo‘lishini Prezidentimiz yuqori minbardan turib bot-bot aytib kelayapti. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda izchillik bilan barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasida korrupsiyaga qarshi kurashning yangi tizmi yaratildi.
Bugunga kelib, mamlakatimizda pora olgan bilan uni bergan ham teppa-teng javobgar sanaladi va pora bergan shaxs ham poraolgan kimsa bilan birga qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Ammo, ming afsuski shunga qaramay, yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurash shiddat bilan bo‘lmasada, izchillik bilan olib borilayotgan bir paytdi, qaysidir ishini bitirib olish uchun ochiqdan-ochiq pora taklif qilayotgan yurtdoshlarimiz hali-hamon uchrab turibdi.
Sirdaryo viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining kunlik taqsimotiga asosan “Guliston – Toshkent” M-34 avtomobil yo‘lining 103-kilometrida xizmat vazifasini o‘tayotgan YHXB inspektori, shu yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan “VOLVO” rusumli, avtomashinani tegishli tartibda to‘xtatib, avtomashina haydovchisi Lazizbek Bozorov(maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi)ning avtomashina boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari tekshirish jarayonida Namangan viloyatida joylashgan xususiy korxonasi tomonidan bir oy muddatga berilgan yo‘l varaqasining amal qilish muddati tugaganligini aniqlaydi va ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Haydovchiga transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilishini aytadi.
Avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan haydovchi L.Bozorovning qarindoshi Uyg‘unxon Mamatqulov, YHXB inspektorining bir necha marotaba ogohlantirishiga qarmay, Uyg‘unxon, xodim avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishi va rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomani yo‘q qilishi evaziga, inspektorga 500 ming so‘m miqdordagi pulni pora tariqasida bermoqchi bo‘lib, taklif qiladi.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XB Sirdaryo viloyati bo‘yicha bo‘limi, Sirdaryo viloyati IIB JQB hamda Sayxunobod tuman prokuraturasi xodimlari hamkorlikda Sayxunobod tumani hududida joylashgan jarima maydonchasida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Viloyat YHXB inspektor(bilan kelishilgan holda)iga “VOLVO”rusumli avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishi jarima maydonchasida fuqaro Uyg‘unxon Mamatqulov 500 ming so‘m miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tuman prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchi Uyg‘unxon Mamatqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qilmagaysan – topmagaysan, deb dono xalqimiz bejizga aytmagan-da, mana endi Uyg‘unxon Mamatqulov o‘tiribdi, ikki yuzi qora bo‘lib, jinoyat kursusida. Qamoqda yana qancha o‘tiradi, buni esa sud ko‘rsatadi.
A.QAYUMOV,O‘zA